Ozarbayjon MO va Yevropani bog‘lashda strategik ko‘prik bo‘lyapti – Mirziyoyev

Jamiyat

image
Hammaga kerak bo‘lgan Markaziy Osiyo north_east

Hammaga kerak bo‘lgan Markaziy Osiyo

Aliyev va Pashinyan Oq uyda tarixiy bitimni imzoladi (video) north_east

Aliyev va Pashinyan Oq uyda tarixiy bitimni imzoladi (video)

Ozarbayjon Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lashda strategik ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusida o‘tayotgan yuqori darajadagi uchrashuv ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.

Prezident Mirziyoyev forumda ko‘plab vakillari ishtirok etayotgan Yevropa bilan munosabatlar o‘zining mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshidan kechirayotganini qayd etgan. 

“Yaqinda biz yurtimizda ilk bor “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitini o‘tkazdik. Unda mintaqamiz va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilindi. Yaqin oylarda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaymiz.

Biz Yevropa Ittifoqi va boshqa sheriklarimiz bilan birgalikda samarali transport-logistika va energetika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni davom ettiramiz. Ishonamizki, ushbu chora-tadbirlar mintaqamizning G‘arb va Sharq o‘rtasidagi xab sifatidagi rolini qayta tiklash imkonini beradi”, deydi Prezident.

Shuningdek, Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning yangi umummintaqaviy jarayonlarni rivojlantirishda ishtirok etishga tayyor ekanini yuqori baholashini, uning Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlashini bildirgan.

“Fursatdan foydalanib, do‘st Ozarbayjon xalqini ulkan tarixiy yutuq – yaqinda Vashingtonda AQSH vositachiligida Armaniston bilan uch tomonlama Qo‘shma deklaratsiya imzolangani bilan yana bir bor chin dildan qutlaymiz”, degan O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi hozirgi murakkab davrda xalqaro hamjamiyatga bebaho boylik – barqarorlik, ishonch va taraqqiyotni taklif etayotganini qayd etgan.

“Bugungi yangi sharoitda oldimizda hamkorlik bo‘yicha keng ufqlar ochilmoqda, o‘zaro manfaatli va ikki tomonga ham foyda keltiradigan masalalar yuzasidan birgalikda ishlash uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda, deb hisoblayman. Bu borada sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz va kelgusidagi hamkorligingizga umid qilamiz”, deydi Mirziyoyev.

Shuningdek, Prezident Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari, ushbu ikki yirik mintaqaning Yevropa bilan hamkorlik istiqbollari bugungi anjumanning bosh mavzusi etib belgilangani g‘oyat muhim, deb hisoblashini bildirgan. U buni o‘zaro hamjihatlik va hamkorlik jarayonlari jadallashib borayotgan Markaziy Osiyoni jahonga yanada kengroq tanishtirish, mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjonning salohiyat hamda imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish yuzasidan fikr almashish uchun noyob imkoniyat sifatida qabul qilishini qayd etgan.

Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhidagi munosabatlarini faol rivojlanmoqda, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan, Davlatlararo oliy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Evropa Ozarbayjon Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing