Aliyev va Pashinyan Oq uyda tarixiy bitimni imzoladi (video)

Olam

image

Ozarbayjon va Armaniston kecha, 8 avgust kuni AQSH vositachiligida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzoladi. Jarayon Oq uy tomonidan jonli translyatsiya qilindi.

Janubiy Kavkazdagi raqiblar o‘rtasidagi kelishuv, agar shunday bo‘lsa, Tramp ma’muriyati uchun muhim yutuq bo‘ladi, bu mintaqani o‘z ta’sir doirasidagi deb biluvchi Moskvani larzaga keltirishi aniq.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning o‘rtasida o‘tirgan Tramp Oq uyda bitimni imzolash marosimida “Bu uzoq vaqt – 35 yil – ular jang qilishdi, endi esa ular do‘st va uzoq vaqt do‘st bo‘lib qolishadi”, dedi.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida 1980 yillarning oxiridan beri Qorabog‘ masalasida kelishmovchilik bo‘lgan. Ozarbayjon 2023 yilda mintaqani nazorat ostiga oldi.

Trampning aytishicha, ikki davlat urushni to‘xtatish, diplomatik munosabatlarni ochish va bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini olgan.

Shartnoma AQSHning Janubiy Kavkaz orqali strategik tranzit yo‘lagiga eksklyuziv rivojlanish huquqlarini o‘z ichiga oladi, bu Oq uyning ta’kidlashicha, energiya va boshqa resurslarni ko‘proq eksport qilishga yordam beradi.

Trampning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar har bir davlat bilan energiya, savdo va texnologiya, jumladan, sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun alohida shartnomalar imzolagan. Tafsilotlar oshkor qilinmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon va AQSH o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikka ham cheklovlar olib tashlangan, bu Moskvani ham xavotirga solishi mumkin.

Ikkala yetakchi ham Trampni mojaroga barham berishda yordam bergani uchun olqishladi va uni Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatishini aytdi.

Tramp ikkinchi muddatining birinchi oylaridayoq o‘zini global tinchlikparvar sifatida ko‘rsatishga harakat qildi. Oq uy uni Kambodja va Tailand o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish, Ruanda va Kongo Demokratik Respublikasi, Pokiston va Hindiston o‘rtasida tinchlik bitimlarini imzolashda vositachilik qilganini ma’lum qildi.

Biroq u Rossiyaning Ukrainadagi 3,5 yillik urushini yoki Isroilning G‘azodagi bosqinini to‘xtata olmadi. Kecha Tramp 15 avgust kuni Alyaskada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, urushni tugatish ustida ish olib borishini aytdi.

AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, kelishuv mintaqaga takroriy tashriflar chog‘ida amalga oshirilgan va bu mamlakatlar o‘rtasida to‘liq normallashuvga erishish uchun asos bo‘ladi.

Tinchlik kelishuvi Rossiya, Yevropa, Turkiya va Eron bilan qo‘shni energiya ishlab chiqaruvchi mintaqa bo‘lgan Janubiy Kavkazni o‘zgartirishi mumkin, u neft va gaz quvurlari bilan kesishgan, lekin yopiq chegaralar va uzoq vaqtdan beri davom etayotgan etnik to‘qnashuvlar bilan o‘ralgan.

Loyola universiteti qoshidagi Chikago huquq fakulteti maslahatchisi va sanksiyalar bo‘yicha ekspert Brett Eriksonning aytishicha, kelishuv G‘arbga Rossiyaning sanksiyalardan qochish harakatlariga qarshi kurashda yordam beradi.

"Kavkaz sanksiyalar siyosatida so‘qir nuqta bo‘lib qoldi. Rasmiy tinchlik G‘arb uchun Armaniston va Ozarbayjonni qochish quvurlarini yopishga jalb qiladigan platforma yaratadi", deydi u.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Tina Dolbayaning aytishicha, kecha imzolangan hujjat katta ramziy harakat, biroq ko‘plab savollar qolmoqda, jumladan, yangi tranzit yo‘lagini qaysi AQSH kompaniyalari nazorat qilishi mumkin, Armaniston va Ozarbayjon uning qurilishida qanchalik ishtirok etadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kelishuvdan chetda qolishi va AQSHning koridordagi rolidan g‘azablanishi mumkin. 

“Endi... armanlarning ozarbayjonlar bilan qo‘l berib ko‘rishgani va ular AQSHning ushbu yo‘lakdagi ishtiroki haqida gapirayotgani – bu Rossiya uchun juda katta zarba”, dedi u.

Mustaqil mintaqaviy ekspert Olesya Vartanyanning aytishicha, kelishuv mintaqaga yanada ko‘proq prognoz qilish imkoniyatini qo‘shgan, biroq uning uzoq muddatli istiqbollari AQSHning davomli ishtirokiga bog‘liq bo‘ladi.

“Armaniston va Ozarbayjon tinch yo‘ldagi rezolyutsiyalardan ko‘ra muvaffaqiyatsiz muzokaralar va zo‘ravonlik bilan avj olish tajribasiga ega. AQSHning to‘g‘ri va doimiy aralashuvisiz, muammo yana boshi berk ko‘chaga tushib qoladi va bu keskinlikning qayta tiklanish ehtimolini oshiradi” , deydi u.

Ma’muriyatning yuqori martabali mulozimlarining ta’kidlashicha, kelishuv Sovuq urush tugaganidan beri Rossiya chekkasida muzlatilgan bir nechta mojarolarning birinchisiga yakun yasadi va bu butun mintaqa uchun kuchli signaldir.

“Armaniston AQSHning tranzit yo‘lagi bo‘yicha uzoq muddatga eksklyuziv maxsus rivojlanish huquqini berishni rejalashtirmoqda”, dedi AQSH rasmiylari shu hafta “Reuters” agentligiga. 

Anonimlik sharti bilan bir amaldorning aytishicha, “Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li” deb ataluvchi yo‘nalish allaqachon to‘qqizta kompaniya, jumladan, AQSHning uchta firmasida qiziqish uyg‘otgan.

Vashingtonda joylashgan Freedom Now huquq tashkiloti vakili Dafne Panayotatosning aytishicha, u Tramp ma’muriyatini Aliyev bilan uchrashuvdan mamlakatda saqlanayotgan 375 ga yaqin siyosiy mahbusni ozod qilishni talab qilish uchun foydalanishga undagan.

O‘tgan yilning noyabrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim sammitiga mezbonlik qilgan neft qazib oluvchi Ozarbayjon G‘arbning inson huquqlari ahvoli haqidagi tanqidlarini rad etib, buni qabul qilib bo‘lmas aralashuv deb ta’riflaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ozarbayjon Ilhom Aliev Nikol Pashinyan Armaniston Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing