Eron terma jamoasi AQSH vizalarini oldi
Sport
−
11:30 705 1 daqiqa
Eron milliy terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQSH vizalarini oldi. Bu haqda Eronning Anqaradagi elchisi Muhammad-Hasan Habibollozoda ma’lum qildi.
“Eron terma jamoasi futbolchilari uchun vizalar 48 soat ichida rasmiylashtirildi. Bu esa o‘yinchilarning Meksika elchixonasiga shaxsan borishi va barmoq izlarini topshirishi zaruratini bartaraf etdi”, deydi Habibollozoda.
Avvalroq, Eron terma jamoasining yig‘in bazasi AQSHning Arizona shtatida joylashishi rejalashtirilgan edi. Biroq AQSH bilan yuzaga kelgan harbiy ziddiyat va xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab Eron tomoni FIFAdan yig‘in bazasini Meksikaga ko‘chirishga ruxsat berishini so‘ragan.
Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj joriy yilning 24 may kuni mazkur so‘rov qanoatlantirilganini ma’lum qilgan edi.
Taqvimga ko‘ra, Eron terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichida joriy yilning 15 iyun kuni Yangi Zelandiya, 21 iyun kuni Belgiya va 26 iyun kuni Misr terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuvlar Inglvud va Sietl shaharlarida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida o‘tkaziladi. Shuningdek, musobaqa birinchi marta bir vaqtning o‘zida uch davlat — AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida bo‘lib o‘tadi. Turnir 11 iyundan 19 iyulgacha davom etadi.
Live
Barchasi