AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda – Marko Rubio

Olam

image

AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.

Marko Rubio AQSH Kongressi Vakillar palatasining tashqi ishlar qo‘mitasida o‘tkazilgan eshituvlar chog‘ida Senat tomonidan tayyorlanayotgan sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ustida ish olib borilayotganini aytgan.

“Sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasiga kelsak, biz sizlar bilan, senator Lindsi Grem va ehtimol boshqa huquqiy maslahatchilar bilan hamkorlik qildik. Siz ayrim formulirovkalarni muhokama qildingiz, shuning uchun menimcha, siz o‘z qonun loyihangizda kerakli natijaga erishasiz”, degan Rubio.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp bu tashabbusni ma’qullagan. Hozirda esa qonun loyihasidagi matn va atamalar yakuniy kelishuv bosqichida.

Avvalroq, Marko Rubio AQSH vaziyat imkoniyat berishi bilan Rossiyadan neft yetkazib berish bo‘yicha litsenziyalarni uzaytirishni to‘xtatishini aytgan edi. U buni sharoitga bog‘liq ekanini ta’kidlab, bunday ruxsatnomalar vaqtinchalik choralar ekanini va jahon neft bozoriga kengroq kirishni ta’minlash maqsadida joriy etilganini bildirgan.

Shu bilan birga, AQSH ilgari sanksiya ro‘yxatidan ikkita neft tankerini va 11 nafar Rossiya fuqarosini chiqarib tashlagan edi.

Joriy yilning 18 may kuni AQSH Rossiya neftini dengiz orqali tashishga nisbatan joriy etilgan ayrim sanksion istisnolarni yana uzaytirgan. Reuters agentligi xabar berishicha, bu qaror bir qator davlatlar Rossiya neftini xarid qilish uchun qo‘shimcha vaqt so‘ragani bilan izohlangan. Bunga Yaqin Sharqdagi mojaro sababli Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berishdagi uzilishlar va Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi bilan bog‘liq muammolar ham ta’sir qilgan.

Shu oy ichida AQSH Moliya vazirligi “LUKOYL” kompaniyasining xorijdagi aktivlarini sotish uchun berilgan litsenziyani bir oyga uzaytirgan. Kompaniya ushbu aktivlarni o‘tgan yil oktyabr oyida AQSH sanksiyalari sabab sotishga qaror qilgan edi.

Aprel oyining oxirida AQSH Moliya vazirligi Rossiyaga bosim o‘tkazishning yangi usullarini izlayotgani haqida ma’lum qilgan. Tramp esa Rossiyaga yangi sanksiyalar kiritmaslik sababini izohlab, 2025 yilda Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi tuzilishini kutyapman, deb aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni imkon qadar tezroq yakunlash bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing