Ozarbayjon Erondagi elchixonasi faoliyatini butunlay to‘xtatdi. Eronchi?

Olam

image

Ozarbayjon Erondagi elchixonasi faoliyatini butunlay to‘xtatdi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xalaf Xalafov “Trend.az” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Elchixonada diplomatik xizmatning ma’muriy binosi va mulkini qo‘riqlash uchun bor-yo‘g‘i 5 kishi qoladi, biroq ular diplomatik vazifalarni bajarmaydi”, deydi Xalaf Xalafov. 

Shuningdek, vazir o‘rinbosari Eron Ozarbayjondagi diplomatik vakolatlarini to‘xtatgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytib o‘tdi.

“Biz Eronning Ozarbayjondagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatib qo‘ygani haqida hech qanday ma’lumot olmadik. Ozarbayjon boshqa davlatlar uchun diplomatik vakolatxonalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha namunali davlatlardan biri. Tahdidlarga qaramay, Ozarbayjon o‘z diplomatik vakolatxonalari xavfsizligini ta’minlashda davom etadi”, deydi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni soat 08:30 da Tehronda Ozarbayjon elchixonasiga qurolli hujum uyushtirildi. Hujum qilgan shaxs Kalashnikov avtomati bilan qurollangan. Hodisa oqibatida xavfsizlik xizmati boshlig‘i halok bo‘ldi, uning ikki hamkasbi yaralandi. Ikkinchisining holati qoniqarli deb baholanmoqda. Eron politsiyasi Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga uyushtirilgan hujumda gumonlanuvchining hibsga olingani haqida xabar berdi. 

Shundan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev elchixonaga uyushtirilgan qurolli hujumni qoralab, uni terrorchilik harakati deb baholadi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Hojizoda esa Ozarbayjon qurolli hujumdan keyin mamlakat elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqchiligini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyan ozarbayjonlik hamkasbi Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qilingan hujumdan ikki davlat dushmanlari foydalanganini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Eron poytaxti Tehrondagi elchixonasiga uyushtirilgan hujum yuzasidan munosabat bildirib, ushbu holatni keskin qoralashini ma’lum qildi.

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

TIV Eron Ozarbayjon elchixona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing