Ozarbayjon dunyo rahbarlarini Armanistonni harbiy tajovuzdan qaytarishga chaqirdi
Olam
−
22 Sentabr 2020
6813Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev dunyo hamjamiyatini yana Tog‘li Qorabog‘ muammosiga qaratdi. U Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida BMTga ustaviga qo‘shilish orqali barcha a’zo davlatlar har qanday mamlakatning siyosiy mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga qarshi kuch ishlatish va tahdidlardan tiyilish majburiyatini olganini eslatdi.
“Armaniston o‘z majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzdi va Ozarbayjonga qarshi harbiy kuch ishlatdi. Armaniston Tog‘li Qorabog‘ viloyati va Ozarbayjonning unga qo‘shni yetti viloyatini egallab oldi. 1993 yilda qabul qilingan BMT Xavfsizlik Kengashining to‘rtta rezolyutsiyasi Armaniston qurolli kuchlarini bosib olingan Ozarbayjon yerlaridan to‘liq, zudlik bilan va so‘zsiz olib chiqilishini talab qiladi. Afsuski, Armaniston hali ham ushbu qarorlarni e’tiborsiz qoldirishda davom etmoqda”, deydi Ilhom Aliyev.
Tog‘li Qarbog‘ mojarosi kecha yo bugun boshlangani yo‘q. 30 yildirki, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida davom etib kelayotgan ushbu muammo harbiy provokatsiyalarga sabab bo‘lmoqda. Joriy yilning iyul oyida ikki mamlakatlar harbiylari o‘rtasida to‘qnashular sodir bo‘ldi. Natijada yana 10 dan ortiq harbiylar qurbon bo‘ldi. Rasmiy Baku va rasmiy Yerevan o‘t ochishni qarshi taraf boshlaganini iddao qiladi. Kuni kecha Ozarbayjon chegaraning Tovuz rayoni yo‘nalishida harbiy xizmatni o‘tayotgan askar Armaniston qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutib o‘ldirilganini aytib chiqdi.
Aliyevning qayd etishicha, Armaniston bosib olingan hududlarda ozarbayjon aholisiga qarshi etnik tozalash ishlarini olib borgan.
“Bir milliondan ortiq ozarlar qochqinlar va majburiy ko‘chmanchilarga aylanishdi. Armaniston Xo‘jayli genotsidini amalga oshirdi. Xo‘jayli genotsidini o‘ndan ortiq mamlakat tan oldi. Xalqaro huquq normalarini qo‘pol ravishda buzgan Armaniston, bosib olingan hududlarda noqonuniy joylashish siyosatini olib bormoqda. Armaniston bosib olingan hududlarda ozarbayjon xalqiga tegishli tarixiy va diniy yodgorliklarni yo‘q qilmoqda”, deydi Prezident.
Prezidentga ko‘ra, 23 avgust kuni chegarada armanistonlik fuqaro qo‘lga olingan. U Armanistonning sabotaj guruhi rahbari bo‘lgan va aloqa chizig‘ini kesib o‘tishga uringan. U guruh Ozarbayjon harbiy xizmatchilari va tinch aholiga qarshi terroristik harakatlar qilishni rejalashtirganini tan olgan.
“Armaniston Bosh vaziri YeXHT Minsk guruhi hamraislari vositachiligida muzokaralar shakli va mohiyatini ataylab buzmoqda. Uning "Qorabog‘- Armaniston" degan bayonoti muzokara jarayoniga jiddiy zarba. U muzokara jarayonida asossiz shartlarni ilgari suradi. U tomonidan Ozarbayjonga qo‘yilgan qabul qilinmaydigan "yetti shart" biz tomonimizdan rad etildi. Bizda tinchlikka erishish uchun yagona shart bor. Armaniston qurolli kuchlari Ozarbayjonning bosib olingan barcha hududlaridan chiqarilishi kerak. Butun dunyo Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning ajralmas qismi sifatida tan oladi
Agressiv ritorika va provokatsiyalar Armaniston Ozarbayjonga qarshi yangi tajovuzga tayyorlanayotganini namoyon etadi. Biz BMT va xalqaro hamjamiyatni Armanistonni navbatdagi harbiy tajovuzdan qaytarishga chaqiramiz”, deydi Ozarbayjon rahbari.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Yerevan harbiy salohiyatini mustahkamlash uchun Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirdi. Rossiyadan bir necha samolyotda Armanistonga qurol-aslahalar yuborildi. Shu bois Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Rossiyaning bu boradagi “g‘amxo‘rligiga” o‘z e’tirozini билдирди. Buning ortidan Ozarbayjon Turkiya ham bilan harbiy hamkorlikni rivojlantirishga kirishdi. Ikki mamlakat harbiylari ishtirokida qo‘shma mashqlar o‘tkazildi. Turkiya har qanday vaziyatda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, Ozarbayjon Birlashgan Millatlar Tashkilotiga 1992 yilning 2 martida a’zo bo‘lgan.
LiveBarchasi