Ozarbayjon bilan to‘qnashuvdan keyin KXSHT Armanistonga missiya yuboradigan bo‘ldi

Olam

image

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Kengashi kecha, 13 sentyabr kuni videokonferensaloqa shaklida o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida Armaniston-Ozarbayjon chegarada vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan bog‘liq holatni baholash uchun tashkilot Bosh kotibi boshchiligidagi missiyani Armanistonga yuborishga qaror qildi.

Kollektiv xavfsizlik kengashi sessiyasida KXSHT Bosh kotibi Stanislav Zas boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti missiyasini Armaniston Respublikasiga yuborish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. Missiyaga KXSHT Birlashgan shtabi boshlig‘i general-polkovnik Anatoliy Sidorov va KXSHTga a’zo davlatlar vakillari kiradi.

Tashkilot kotibiyati matbuot xizmati xabarida missiya vaziyatni baholash uchun davlat rahbarlariga batafsil hisobot tayyorlash, mintaqadagi vaziyat va yuzaga kelgan keskinlikni yumshatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanishi aytilgan.

Yig‘ilishda shuningdek, KXSHT mas’uliyati doirasidagi vaziyatni doimiy monitoring qilish uchun ishchi guruh tuzishga qaror qilindi. Uning tarkibiga kotibiyat xodimlari va qo‘shma shtab harbiy xizmatchilari kiradi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yig‘ilish ishtirokchilariga Rossiya tomonining qo‘shimcha amaliy qadamlari haqida ma’lum qilgan. Ular Armaniston va Ozarbayjon chegarasida yuzaga kelgan keskinlikni yumshatishga qaratiladi.

“Bu yerda chuqur va samimiy fikr almashildi. Kollektiv xavfsizlik kengashi yig‘ilishining barcha ishtirokchilari mintaqadagi vaziyatning keskinlashuvidan xavotir bildirdilar va uni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlarining 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonotida mustahkamlangan kelishuvlar asosida faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal etish tarafdori bo‘lishdi”, deyiladi kotibiyat xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiyani amalga oshirgan edi.

Armaniston va Ozarbayjon chegarasida janglar 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:05 da boshlandi. Baku Yerevanni provokatsiyalarda aybladi va shuning ortidan to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan. To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 50 nafar, Armanistondan 49 nafar harbiy halok bo‘ldi. Tomonlar 13 sentyabr kuni tongda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tiklashga kelishib oldi.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing