Ozarbayjon har daqiqa urushga tayyor turishi kerak – Ilhom Aliyev
Olam
−
22 avgust 2025 9836 3 daqiqa
Ozarbayjon Qurolli kuchlari davlati manfaatlari va xavfsizligini har daqiqa, har kuni qo‘riqlab, tahdidlarning ehtimoliy manbalarini kuzatib, ko‘rib turibdi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 21 avgust kuni Kelbajar tumaniga tashrifi chog‘ida mahalliy aholi bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Biz harbiy qudratimizni oshirmoqdamiz. Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin ham Kaspiy dengizida, ham boshqa barcha Qurolli Kuchlarda qo‘shinlarimiz rivojlanishi munosabati bilan biz maxsus kuchlarimiz sonini minglab jangchilarga ko‘paytirdik. Aniq raqam aytmoqchi emasman, lekin juda ko‘p, yangi qo‘mondonlik kuchlari yaratildi”, deya davom etdi Aliyev.
U Ozarbayjonga eng zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari, yangi artilleriya tizimlari yetkazib berilganini qayd etdi. Yangi jangovar samolyotlar xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolanib, mavjudlari to‘liq modernizatsiya qilindi.
“Biz har qanday daqiqada urushga tayyor bo‘lishimiz kerak, chunki dunyoda voqealar rivoji shunday kechmoqdaki, ertaga nima bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi, xavfsizligimizning kafolati o‘zimiz, davlatimiz, xalqimiz va Qurolli Kuchlarimizdir.
Shu bois, kimningdir xasta boshiga Ozarbayjonga qarshi qandaydir provokatsiya qilish g‘oyasi tushsa, o‘ylaymanki, yana pushaymon bo‘ladi. Bundan buyon biz g‘olib xalq va g‘olib davlat bo‘lib yashaymiz”, deya ta’kidladi Prezident.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston bilan tinchlik shartnomasi mualliflari rasmiy Bakudir.
“Ushbu nuqtalarni ishlab chiqishda bizning pozitsiyamiz doimo asos bo‘lib kelgan. Ushbu hujjatning paraflanishi aslida Armaniston-Ozarbayjon qarama-qarshiligiga chek qo‘ydi. Shu bilan birga, tarixiy mintaqamiz – Naxchivon bilan quruqlik aloqasi ta’minlandi. Biz 2020 yilning noyabr oyidan so‘nggi kunlargacha bu masalani astoydil kun tartibida ushlab turdik, bu maqsadni turli yo‘llar bilan amalga oshirish uchun bor kuch-g‘ayratimizni sarfladik va nihoyat unga erishdik. Armaniston allaqachon bu majburiyatni o‘z zimmasiga olgan va umid qilamanki, yaqin yillarda biz Ozarbayjonning asosiy qismidan Naxchivanga poyezd va avtomobilda bora olamiz”, dedi Aliyev.
Ozarbayjon Prezidenti amalga oshirilayotgan logistika loyihalarining ahamiyatiga e’tibor qaratib, ularning nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa uchun ahamiyatini ta’kidladi.
“Ayni vaqtda bu yo‘nalish nafaqat Ozarbayjonning ikki qismini bog‘laydi. U xalqaro transport yo‘lagiga ham aylanadi. Hozirda Ozarbayjon hududidan bir nechta transport yo‘laklari o‘tadi va bu, albatta, mamlakatimizning ahamiyatini oshiradi. Bu yo‘nalishda bitta yo‘lak ketadi. Zangilongacha bo‘lgan temiryo‘l qurilishi muvaffaqiyatli davom etmoqda va kelgusi yilda qurib bitkaziladi. Endi biz Naxchivon Muxtor Respublikasida temiryo‘lni to‘liq modernizatsiya qilyapmiz. Armaniston hududida ham temiryo‘l qurilishi rejalashtirilgan. Ya’ni, Armaniston ham bu majburiyatni o‘z zimmasiga oldi, bu bizning navbatdagi tarixiy muvaffaqiyatimizdir”, dedi Ilhom Aliyev.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston 8 avgust kuni AQSH vositachiligida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagandi. Trampning aytishicha, ikki davlat urushni to‘xtatish, diplomatik munosabatlarni ochish va bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini olgan.