Mirziyoyev Aliyevni tarixiy voqea bilan qutladi

Jamiyat

image
O‘zbekiston Tramp vositachiligidagi Ozarbayjon-Armaniston tinchlik kelishuvini olqishladi north_east

O‘zbekiston Tramp vositachiligidagi Ozarbayjon-Armaniston tinchlik kelishuvini olqishladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari qardosh Ozarbayjon yetakchisi va xalqini tarixiy voqea – kuni kecha Vashington shahrida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan samimiy qutlagan.

Tez fursatda tinchlik bitimi rasman imzolanishi Janubiy Kavkazda tinchlik, barqarorlik va ravnaqni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning iyul oyida Ozarbayjonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi yomonlashuv asosan Qorabog‘ mojarosidan kelib chiqqan. Sovet davrida Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibida bo‘lsa-da, aholining katta qismi armanlardan iborat edi. 1980 yillarning oxirida SSSR parchalana boshlaganda, arman millatchilari hududni Armanistonga qo‘shishni talab qildi, bu esa millatlararo keskinlikni kuchaytirdi. 

1988 yilda qurolli to‘qnashuvlar boshlandi, 1991 yilda urushga aylanib, 1994 yilda Rossiya vositachiligida Bishkek sulhi imzolandi. Natijada arman kuchlari Tog‘li Qorabog‘ va atrofidagi 7 tumanni egallab oldi, Ozarbayjon esa bu hududlarni bosib olingan, deb hisoblab keldi. 2020 yilning sentyabr-noyabr oylarida 44 kunlik urush bo‘lib, Ozarbayjon Turkiya yordami va zamonaviy qurollar yordamida katta hududlarni, jumladan Shusha shahrini qaytarib oldi. Rossiya vositachiligida sulh tuzilib, Armaniston Qorabog‘dan tashqari uch tumanni Ozarbayjonga topshirdi. 

2023 yil sentyabrda Ozarbayjon “antiterror operatsiyasi” orqali butun Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi va hududdagi arman aholisi deyarli to‘liq Armanistonga ko‘chib ketdi. Hozirda yomonlashuvning asosiy sabablari chegara masalalarining hal qilinmagani, yillar davomida urush va milliy adovat tufayli o‘zaro ishonchsizlikning yuqoriligi, Zangezur koridori bo‘yicha kelishmovchiliklar va geosiyosiy omillardir.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston kecha, 8 avgust kuni AQSH vositachiligida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagandi. Trampning aytishicha, ikki davlat urushni to‘xtatish, diplomatik munosabatlarni ochish va bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ozarbayjon Ilhom Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing