O‘zbekiston Tramp vositachiligidagi Ozarbayjon-Armaniston tinchlik kelishuvini olqishladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida muhim natijaga erishilganini olqishlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Vazirlik bu natijaga AQSH Prezidenti Donald Trampning sa’y-harakatlari bilan erishilganini ta’kidlagan. 

“Vashingtonda tarixiy qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishiga Ozarbayjon va Armaniston yetakchilarining kuchli siyosiy irodasi va qat’iyati, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning faol tinchlikparvar sa’y-harakatlari tufayli erishildi, deb hisoblaymiz”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, O‘zbekiton TIV barcha tomonlarning ko‘p yillik mojaroni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholagan. 

“Ishonchimiz komilki, Janubiy Kavkazda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikning imkon qadar tezroq o‘rnatilishi keng mintaqamizdagi barcha xalqlar manfaati uchun yirik transport va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi”, deya qo‘shimcha qilingan. 

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi yomonlashuv asosan Qorabog‘ mojarosidan kelib chiqqan. Sovet davrida Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibida bo‘lsa-da, aholining katta qismi armanlardan iborat edi. 1980 yillarning oxirida SSSR parchalana boshlaganda, arman millatchilari hududni Armanistonga qo‘shishni talab qildi, bu esa millatlararo keskinlikni kuchaytirdi. 

1988 yilda qurolli to‘qnashuvlar boshlandi, 1991 yilda urushga aylanib, 1994 yilda Rossiya vositachiligida Bishkek sulhi imzolandi. Natijada arman kuchlari Tog‘li Qorabog‘ va atrofidagi 7 tumanni egallab oldi, Ozarbayjon esa bu hududlarni bosib olingan, deb hisoblab keldi. 2020 yilning sentyabr-noyabr oylarida 44 kunlik urush bo‘lib, Ozarbayjon Turkiya yordami va zamonaviy qurollar yordamida katta hududlarni, jumladan Shusha shahrini qaytarib oldi. Rossiya vositachiligida sulh tuzilib, Armaniston Qorabog‘dan tashqari uch tumanni Ozarbayjonga topshirdi. 

2023 yil sentyabrda Ozarbayjon “antiterror operatsiyasi” orqali butun Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi va hududdagi arman aholisi deyarli to‘liq Armanistonga ko‘chib ketdi. Hozirda yomonlashuvning asosiy sabablari chegara masalalarining hal qilinmagani, yillar davomida urush va milliy adovat tufayli o‘zaro ishonchsizlikning yuqoriligi, Zangezur koridori bo‘yicha kelishmovchiliklar va geosiyosiy omillardir.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston kecha, 8 avgust kuni AQSH vositachiligida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagandi. Trampning aytishicha, ikki davlat urushni to‘xtatish, diplomatik munosabatlarni ochish va bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini olgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Ozarbayjon Armaniston tinchlik kelishuvi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing