Ozar-arman chegarasida vaziyat jiddiy: Yerevan Rossiya, KXSHT va BMTdan yordam so‘radi

Olam

image

Armaniston hukumati Ozarbayjon bilan chegaradagi qurolli mojaroning keskinlashuvi munosabati bilan Rossiya, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qildi. Bu haqda Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatiga tayanib, TASS xabar bermoqda.

“Ozarbayjonning mamlakat suveren hududiga bostirib kirishi munosabati bilan hukumat allaqachon Rossiya, KXSHT va BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilgan”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Armaniston hukumati xabariga ko‘ra, “Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida”gi shartnoma qoidalarini amalga oshirish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga rasmiy murojaat qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Armaniston va Ozarbayjon chegarasida janglar 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:05 da boshlandi. Baku Yerevanni provokatsiyalarda aybladi va shuning ortidan to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi arman harbiylari keng ko‘lamli provokatsiya uyushtirishga uringani haqida ma’lumot berdi. Bakuning qayd etishicha, 12 sentyabrga o‘tar kechasi “Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan...”.

“Armaniston Qurolli Kuchlarining qo‘poruvchilik guruhlari qorong‘uda tog‘li yerlar va mavjud daralardan foydalangan holda turli yo‘nalishlarda Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalari va ta’minot yo‘llari orasidagi hududlarni minalash ishlarini amalga oshirdi”, deyiladi xabarda.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Qorabog' urushi

Baholaganlar

74

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing