Oyda g‘or topildi
Bu qiziq
−
16 iyul
22011Olimlar tomonidan tarixda birinchi marta Oyda g‘or topildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu g‘or nazariy jihatdan Yerning sun’iy yo‘ldoshida yashash uchun qulay baza o‘rnatishda ajoyib imkoniyat bo‘lishi mumkin. Radar yordamida aniqlangan ushbu g‘orning chuqurligi kamida 100 metrni tashkil qiladi. Biroq, tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu g‘or Oyning hali o‘rganilmagan yerosti dunyosida yashiringan yuzlab shunga o‘xshash g‘orlardan biri.
Italiyaning Trento universiteti olimlari Lorenzo Bruzzone va Leonard Karrer g‘orni Oyning “Tinchlik dengizi” deb nomlangan mashhur hududi tasvirlarini o‘rganayotganda topdi. “Tinchlik dengizi”ni Yerdan ko‘rish mumkin va aynan o‘sha yerda “Apollon-11” missiyasining amerikalik astronavtlari 1969 yilda tarixda birinchi marta qo‘nishni amalga oshirgan.
G‘orga kirish Oy yuzasida joylashgan bo‘lib, uning ostida vertikal devorlar va qiya ichki makon mavjud. Olimlarning fikriga ko‘ra, g‘or millionlab yoki hatto milliardlab yillar oldin, issiq lava Oyda harakatlanayotganda paydo bo‘lgan yoki u toshlarda shunday tunnel yasagan bo‘lishi mumkin.
“Yerdagi eng yaqin shunga o‘xshash hodisani Ispaniyaning Lansarote orolidagi vulqon g‘orlari bilan o‘xshash, deb hisoblayapmiz”, degan professor Karrer.
Uning qo‘shimcha qilishicha, italiyalik olimlar tadqiqot davomida orolga tashrif buyurgan. Taxminan 50 yil oldin Oyda g‘orlar mavjudligi haqida ilk tasavvurlar paydo bo‘lgan. Ammo faqat 2010 yilda NASA Oy orbitasiga Lunar Reconnaissance Orbiter deb nomlangan qurilmani jo‘natgan. U radar yordamida g‘orlarga kirish joylari manzillarini o‘rgangan. Olingan tasvirlarni tahlil qilish natijasida esa hozirgi kashfiyot amalga oshirildi.
Britaniyalik ayol kosmonavt Xelen Sharmen odamlar g‘orda yaqin 20-30 yil ichida yashashi mumkinligini aytgan.
“Biroq, bu g‘or juda chuqur bo‘lganligi sababli, kosmonavtlarga harakat qilish uchun lift yoki samolyot kerak bo‘ladi”, deydi Sharmen.
Olimlar Oy g‘orining topilishi ularga Yerdan ancha uzoqroqda joylashgan boshqa kosmik ob’ekt – Marsni o‘rganishga yordam beradi, deb umid qilmoqda. Agar Marsda ham xuddi shunday g‘orlar topilsa, bu “qizil sayyora”da hayot izlash uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.