Otunbayeva Japarov va Toshiyevga iyun voqealarining “qora quti”sini ochmaslikni maslahat berdi

Intervyu 14154
image

Prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyev qora qutini (2010 yilning aprel-iyun oylarida Qirg‘izistonda yuz bergan voqealar nazarda tutilgan – tahr.) ochmasligi kerak. Bu haqda Qirg‘izistonning 2010-2011 yilllarda vaqtincha boshqargan sobiq Prezident Roza Otunbayeva mahalliy OAVga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

Otunbayevaga ko‘ra, 2010 yil 7 aprel kuni Qirg‘izistonda yuz bergan inqilob mamlakatning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Kurmanbek Bakiyev olib borgan adolatsiz siyosatning mevasi edi. 

“Hozir hukumatda turganlar istasa, [2010 yilgi voqealar bo‘yicha] tergovni qayta boshlasin. Ammo vaqtinchalik hukumat a’zolarining aytilmagan so‘zlari ham ko‘p. Agar ular yuzaga chiqadigan bo‘lsa, nima bo‘lishini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydi”, deydi Qirg‘izistonni vaqtincha boshqargan Otunbayeva.

Uning xavotirlanishiga mamlakatning amaldagi Prezidenti Sadir Japarovning joriy yil 2 aprel kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga 2010 yilda sodir bo‘lgan iyun voqealarini qayta tekshirishni topshirgani sabab bo‘ldi. O‘sha davrda Qirg‘izistonni aynan muvaqqat Prezident sifatida Roza Otunbayeva boshqarayotgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘izistonda 2010 yilning aprel oyida yuz bergan inqilob oqibatida mamlakatning ikkinchi Prezidenti Kurmanbek Bakiyev hokimiyatdan ag‘darildi. Shundan so‘ng, Bakiyev Belarusdan siyosiy boshpana so‘rab, Qirg‘izistonni tark etdi. 

Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat hukumat Prezidentsiz qolgan Qirg‘izistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Bu esa mamlakatdagi siyosiy vaziyatni o‘nglamadi va aksincha, millatlararo to‘qnashuv vujudga keldi. 

2010 yilning iyuniga kelib, Qirg‘izistonning O‘sh, Batken va Jalol-Obod viloyatlarida mahalliy o‘zbek va qirg‘izlar o‘rtasida keng qamrovli mojaro sodir bo‘ldi. Buning oqibatida minglab insonlar halok bo‘ldi, 10 minglab odamlar qochoqqa aylandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha vaqtda O‘zbekiston 110 mingdan oshiq odamni qabul qilib, ular uchun vaqtincha lagerlar tashkil etgan, oziq-ovqat va boshpana bilan ta’minlagan. Qochoqlarning asosiy qismi keksalar, ayollar va bolalar bo‘lgan. Qirg‘izistonda shunday dahshatli voqealar sodir bo‘lgan davrda Roza Otunbayeva mamlakat Prezidenti edi. 

Otunbayevaning mahalliy OAVga bergan intervyusiga qaytadigan bo‘lsak, u hozir mamlakatni boshqarayotgan Prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyevga o‘z maslahatini bergan.

“Men Sadir Japarov va Qamchibek Toshiyevga qora qutini ochmaslikni maslahat beraman. Nima uchun ular tinchlana olmayotganini tushunmayapman. Kimning kimda qasdi bor, kim kimdan qasos olmoqchi? Hokimiyat tepasida turganlar o‘zining kelajagi haqida o‘ylashi kerak. Hokimiyatga kelish emas, tinch yo‘l bilan ketish qiyin”, deydi Otunbayeva.

Bundan tashqari, u Sadir Japarov bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi haqida ham so‘z ochgan.

“Yaqinda Japarov bilan bo‘lgan uchrashuvda men unga jamiyatni birlashtirish zarurligini aytdim. Inqiloblar 2005, 2010 va 2020 yillarda bo‘ldi. Bizda namoyishlar ko‘p bo‘ladi. Hukumat jamiyatni birlashishga chaqirishi kerak. Hokimiyatga keldik, endi faqat biz hukmron bo‘lamiz, deyish aksincha, xato bo‘ladi”, deydi Otunbayeva.

Sobiq Prezidentga ko‘ra, Bakiyev o‘z davrida klanlar rejimini o‘rnatgan. Keyin xalqning bundan g‘azabi chiqqan. Na Atamboyev va na Jeenbekov bundan saboq olgan. 

“Biz xatolardan saboq olishimiz kerak. Barcha Prezidentlar so‘z erkinligiga tajovuz qilmaslikka harakat qilmoqda, ammo 2021 yildan mamlakatimiz demokratik davlatlar qatorini tark etmoqda”, deydi u.

Otunbayeva, shuningdek, sobiq davlat rahbari Jeenbekov haqida ham fikr bildirgan.

“Jeenbekov haligacha unga yordam bermaganimizni va uni ko‘p tanqid qilganimizni aytadi. Menimcha, uni korrupsiya yeb qo‘ydi”, deydi Otunbayeva.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi. 

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. 

Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 248
Reyting: 2.9
t
×