“Otning kallasidek” oylik olgan O‘zTest direktori lavozimidan “uchdi”
Jamiyat
−
12 may 2023
33364Ijtimoiy tarmoqlarda juda yuqori maosh olgani uchun ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (O‘zTest) davlat muassasasi direktori Jamshid G‘aniyev ishdan olindi. G‘aniyev va muassasaning boshqa mulozimlari ustidan tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish olib borilmoqda. Bu haqda agentlik matbuot kotibi Abdurauf Rasulov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘ztest direktori Jamshid G‘aniyev ishdan olinib, Jasur Nig‘matovich Shukurov markazning direktori etib tayinlangan.
Berilgan ma’lumotga ko‘ra, rahbar xodimlar tomonidan yuqori maoshlar olingani bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, O‘zTestning boshqa mas’ul lavozimdagi xodimlarining ham ishdan olinish-olinmasligi bo‘yicha ma’lumot to‘planmoqda.
Jasur Shukurov ayni paytgacha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining bosh direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi bosh buxgalteri yanvar-fevral oylarida umumiy 469 mln so‘m, tashkilot rahbari esa yilning dastlabki ikki oyida 136 mln so‘m oylik olgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu xabarlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda boshqa bir jadval nusxasi, ya’ni tashkilotning yuqori maosh oladigan boshqa yuqori lavozimli xodimlari haqida ma’lumot tarqaldi. Ularning orasida 30 milliondan tortib 468 million so‘mgacha oylik olgan xodimlarning ro‘yxati keltirilgan. Keyinchalik agentlik tomonidan muassasa direktori va buxgalteri bilan bog‘liq holat bo‘yicha ishchi guruh tuzilgani xabar qilingan edi.
Ishchi guruh o‘rganishlar jarayonida rahbarlarning yuqori oylik maoshi olgani bo‘yicha tegishli hujjatlarni to‘plagani va ayni paytda Bosh prokuraturaga vaziyatga huquqiy baho berish maqsadida topshirgani ma’lum qilingandi.
Shuningdek, tashkilot ichidagi bir nechta xodimlar rahbarlarning mablag‘ o‘zlashtirishlari ortidan ishchilarning oyligida cheklovlar yuzaga kelgani haqida ma’lum qildi. Keyinchalik agentlik mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirib, xodimlarning oylik maoshi cheklanayotgani haqidagi xabarni rad etgan edi.
LiveBarchasi