Otning kallasiday narxda chipta sotmoqchi bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan odamlar rozimi?
Jamiyat
−
06 Oktabr 2023
1184320 oktyabr sanasidan boshlab O‘zbekistonda mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlarining chipta narxlari oshadigan bo‘ldi. Oddiy poyezdlarning chipta narxi 1,5 barobarga oshsa, “Afrosiyob” elektropoyezdining chiptalari esa ikki barobarga qimmatlashishi kutilmoqda. Xo‘sh, odamlar poyezdlardagi chipta narxining oshishiga nima deydi? Yo‘lovchi poyezdlaridagi xizmat ko‘rsatish sifati haqiqatdan ham bu narxga arziydimi? QALAMPIR.UZ'ning galdagi so‘rovnomasi aynan shu haqda.
So‘rovnomada qatnashgan aksariyat fuqarolar narx ko‘tarilishiga e’tiroz bildirib, hozirgi narxi yaxshi ekanligi, agar ko‘tarilsa aholiga qiyin bo‘lishini aytdi.
“Iya, bir so‘mga oshsa ham “zo‘r” deymizmi?! Oyliklar ham ikki barobar oshadimi, nafaqa pullari ham ikki barobarga oshadimi? Bu noto‘g‘ri”, deydi yo‘lovchilardan biri.
“Menimcha, ko‘tarilish sababi bo‘lsa kerak. O‘zidan-o‘zi oshmaydiku. Hozir hamma narsaning narxi qimmatlab ketgan, albatta, oylikdan boshqa. Endi u yog‘iga aqlim yetmaydi meni. Ularning siyosatlari o‘zgachadir. Oddiy xalqqa jabr, zulm bo‘ladi, menimcha. Xizmat ko‘rsatishi hozirgi puliga arziydi”, deydi bir fuqaro.
Xorazmlik tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, birdaniga chipta narxlarining ikki barobarga oshirilishi insofdan emas. Narxni asta-sekinlik bilan oshirish kerak, chunki aholining daromadi birdaniga ikki barobarga yoki ellik foizga ko‘paygani yo‘q.
“Albatta, biz qarshimiz. Sababi hali oyliklarimiz oshgani yo‘q. Agar oyliklarimiz ellik yoki yuz foiz oshadigan bo‘lsa, bu mutanosib hisoblanardi. Narx-navoning oshishi aholi o‘rtasida norozilikni keltirib chiqaradi. Men o‘zim ham shu poyezdlardan foydalanaman. Mayli puli oshsin, lekin xizmat ko‘rsatish, sharoitlar ham shunga yarasha bo‘lsin. Nima sababdan qimmatladi? Misol uchun, yoqilg‘i-moylash narxlari oshdimi, elektr-gazni narxi ko‘tarildimi..? Men 36 yoshga to‘lgan bo‘lsam ham hali bunaqasini ko‘rmagan edim. Bu sensatsiya!
Buni rahbarlarga tushuntirish kerak. “O‘zbekiston Temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining zarar yoki foydasini nega endi biz azob chekib, yo‘lkira evaziga qoplashimiz kerak?! Umuman oladigan bo‘lsak, tizimdagi ba’zi xodimlarni oylik maoshi juda baland, ularga ko‘p imtiyozlar berilgan. Shularni kamaytirish orqali hal qilish kerakdir bu muammoni. Boshqacha metodlarni ham o‘ylab ko‘rish kerak”, deydi u.
Talaba qizning aytishicha, bu viloyatdan poytaxtga kelgan talabalar uchun ham qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.
“Asosan undan talabalar foydalanadi. Talabalarni o‘zi Toshkentda yashashi qiyin. Uning kvartirasi bor, shaharda yurish oson emas, ayrim o‘qituvchilar pul so‘raydi. Talabalarga bu qimmatlik qiladi. Xizmat ko‘rsatishi o‘zining puliga arzimaydi. Pulimizga sotib olgan taqdirimizda ham yaxshi xizmat ko‘rsatishi kerak”, deydi u.
Shuningdek, ishtirokchilar orasida mazkur jarayonga befarqlar yoki o‘zini shunday ko‘rsatganlar ham yetarlicha topildi.
“Bu davlatni ishi. Bizni qo‘limizdan kelmaydi. Aytildimi, bajarishimiz kerak. Xizmat ko‘rsatishi ham qoniqtiradi. Biz bunga qarshi chiqa olmaymiz”, deydi ulardan biri.
“Men poyezdda yurmayman, menga farqi yo‘q. Menga desa o‘n marta ko‘tarmaydimi”, deydi yana bir boshqa fuqaro.
“O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati esa narxlarning ko‘tarilganini quyidagicha izohlagan.
“Yo‘lovchi poyezdlarining chipta narxlari so‘nggi marta 2018 yilda mahalliy yo‘nalishlarda, 2019 yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdida qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, oxirgi 4-5 yil mobaynida tariflar o‘zgarishsiz qolmoqda. 2019-2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida Respublikamizda ish haqi miqdori 2,4 barobarga, elektroenergiya va yoqilg‘i narxlarining, logistika va transport xarajatlarining sezilarli darajada oshganligi, shuningdek, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, yangi poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini zamon talablariga mos ravishda saqlashni hisobga olgan holda chiptalar narxiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda”, deyiladi aksiyadorlik jamiyatining rasmiy xabarida.
LiveBarchasi