“O‘zbekiston temiryo‘llari" o‘zini oynada ko‘rishi kerak – niderlandiyalik bloger  

Jamiyat

image

6 iyul kuni niderlandiyalik sayohatchi-bloger “Afrosiyob” poyezdidagi oddiy o‘rnini 15 dollar evaziga VIP joyga almashtirib olgani haqida o‘zining Instagram sahifasida video e’lon qilgandi. Shundan so‘ng O‘zbekistondagi temiryo‘llar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ mazkur holat sabab poyezd boshlig‘ini lavozimidan bo‘shatdi. QALAMPIR.UZ tahririyatiga ushbu blogerdan munosabat kelib tushdi. 

Xorijlik bloger poyezd xodimining ishdan olinishiga sababchi bo‘lib qolganidan afsusdaligini bildirib, vaziyatni tushuntirib berishga harakat qilgan. Ma’lum qilishicha, u va hamrohlari Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston bo‘ylab sayohat qilish uchun turizm agentligidan foydalangan. Ammo agentlik poyezdda ular talab qilgan sharoitli o‘rinlarni taqdim etmagan. Yo‘lovchilar bundan norozi bo‘lgan va voqeadan bir necha kun avval telefon orqali poyezd kompaniyasining yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bilan bog‘lanib, o‘z chiptalarini qonuniy yo‘l bilan VIP'ga almashtirib berishini so‘ragan. Ammo ularga hech kim yordam bermagan. 

“Bu voqea ularning poyezdlari va qulay sayohatlari tufayli emas, balki poyezd chiptalarini band qilishning murakkabligi, til bilan bog‘liq to‘siqlar va mijozlarni juda xafa qiladigan xizmat tufayli sodir bo‘ldi”, deb yozgan u. 

Shuningdek, blogerning so‘zlariga ko‘ra, u vokzalda qo‘lida pul bilan 15 daqiqadan ortiq o‘z chiptasini almashtirib berish uchun yordam berishi mumkin bo‘lgan odamni qidirgan. Ammo ingliz tilini biladigan na xodim, na yo‘lovchi topilmagan. U bilan Google Translate yordamida zo‘rg‘a gaplasha olgan odamlar esa poyezd rahbariga borishni maslahat bergan. 

“Agar “Afrosiyob”ning stansiyada yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatish guruhida rus bo‘lmagan sayyohlarga yordam bera oladigan ishchisi bo‘lganda edi, bunday holat hech qachon yuz bermasdi”, deb yozgan bloger. 

Bundan tashqari bloger “O‘zbekiston Temiryo‘llari” AJni ham tanqid qilgan. 

“Ishchini ishdan bo‘shatish va bu bilan korrupsiyaga qarshi kurashayotganini ko‘rsatib qo‘yish ular uchun "faxrli ish" bo‘lishi mumkin, ammo "O‘zbekiston temiryo‘llari" kompaniyasi ham o‘zini oynada ko‘rishi kerak”, degan u.

Niderlandiyalik bloger poyezd kompaniyasi qarorini o‘zgartirishidan umid qilmoqda va ularni xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tizimdagi kamchiliklarga ham ahamiyat berishga chaqirgan. 

“Ishdan bo‘shatilgan poyezd xodimining ahvolidan chin dildan afsusdaman, lekin O‘zbekistonning “Afrosiyob” poyezdi kompaniyasi ham o‘z xulosalarini chiqaradi, degan umiddaman. Chunki ularning xorijliklar va rus tilida so‘zlashmaydigan turistlarga xizmat ko‘rsatishi dahshatli ahvolda!” degan u. 

Munosabatning so‘ngida sayohatchi bo‘lgan voqealarga qaramay, O‘zbekiston unga yoqishini va kelajakda ham yana bu davlatga tashrif buyurish niyati borligini qo‘shimcha qilgan. 

"O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishni yaxshi ko‘raman. Vaqtimni juda yaxshi o‘tkazdim va, albatta, bu yerga yana qaytib kelaman. Agar kimdir ushbu postni o‘qib, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishdan voz kechsa, iltimos, uni qayta o‘qing. O‘zbekistonga sayohat qilish hayratlanarli va bu mamlakat arxitektura nuqtai nazaridan dunyodagi eng qiziqarli mamlakatlardan biri. Bunday kichik voqea O‘zbekistonga sayohat qilish rejalaringizga ta’sir qilmasligi kerak. O‘zbekistonga sayohatingizdan rohatlaning!” deya o‘z munosabatiga yakun yasagan bloger. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 oktyabridan boshlab O‘zbekistonda mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlarining chipta narxlari oshadi. Jumladan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlarining chipta narxlari 100 foizga qimmatlashadi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya O'zbekiston temir yo'llari poezd Afrosiyob bloger

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing