“O‘zbekiston temir yo‘llari” xoldingga aylantiriladi
Jamiyat
−
25 Sentabr 2023
6375“O‘zbekiston temir yo‘llari”ni xoldingga aylantirib, tizimda zamonaviy boshqaruv joriy qilinadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, muammolardan kelib chiqib, davlat rahbari soha oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab bergan. Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari”ni xoldingga aylantirib, tizimda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish – infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish bo‘yicha takliflar ma’qullangan.
Mirziyoyev mutasaddilarga vagonlar parkini yangilashga mo‘ljallangan kredit va kompensatsiya ajratish mexanizmlarini joriy qilishni topshirgan. Shuningdek, temir yo‘l stansiyalari va ular atrofidagi bo‘sh maydonlardan unumli foydalanib, kompleks logistika xizmatlari hamda yirik ishlab chiqarish loyihalarini shakllantirish vazifasini qo‘ygan.
“Sohada IT auditini o‘tkazib, malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda “Yagona darcha” axborot tizimini yaratish zarur. Bunda, yuk tashish hujjatlarini elektron rasmiylashtirish, vagonlarga GPS o‘rnatish va onlayn ombor axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozim”, degan Mirziyoyev.
“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning nosohaviy aktivlarini sotish yoki boshqa tarmoqlarga o‘tkazish orqali tushgan mablag‘lar temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Endilikda “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning nosohaviy aktivlarda ishtiroki qat’iy taqiqlanadi.
Bundan tashqari, Prezident mutasaddilarga barcha temir yo‘l kesishmalarini xatlovdan o‘tkazish va tartibga solish bo‘yicha topshiriq bergan.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi