Toshkentdan Parkentga elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Jamiyat
−
19:16 394 1 daqiqa
Bugun, 7 sentyabrdan boshlab “Parkent – Toshkent – Parkent” yo‘nalishida zamonaviy shaharlararo elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 27 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-28-son qarori asosida amalga oshirilgan.
Mazkur loyiha doirasida Toshkent viloyatidagi “Baytqo‘rg‘on – Parkent” temir yo‘l liniyasi qurilgan. Qurilish ishlari 2025 yil yanvar oyida boshlangan.
Uzunligi 24 kilometr bo‘lgan elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi bilan birga 3 ta temir-beton ko‘prik, 1 ta avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 76 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi barpo etilgan. Shuningdek, 50 o‘rinli “Parkent” temir yo‘l bekati qurilgan.
Yangi elektropoyezdda 586 ta o‘rindiq mavjud bo‘lib, u jami 1 154 nafargacha yo‘lovchini tashishi mumkin. Yo‘lkira narxi kattalar uchun 10 ming so‘mgacha, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 6,5 ming so‘m etib belgilangan. Parkentdan Toshkentgacha bo‘lgan yo‘lni poyezd 50 daqiqada bosib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasida yo‘lovchilarga zamonaviy CR200J rusumli tezyurar elektropoyezd xizmat ko‘rsatishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi