Chexiya O‘zbekistonga 30 ta elektropoyezd yetkazib beradi
Jamiyat
−
12 Oktabr 2023
6113Joriy yilning 11 oktyabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi va Chexiyaning Škoda Group konglomerati o‘rtasida 320 million yevrolik shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Chexiya O‘zbekistonga 30 ta elektropoyezd yetkazib beradi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Transport vaziri Ilhom Mahkamov ishtirok etgan o‘zbek-chex biznes forumida imzolangan ushbu shartnomaga muvofiq to‘rt vagonli elektropoyezdlarni ishlab chiqarishga keyingi yildan start beriladi. Asosiy qismlar Chexiyadagi Ostrava zavodida, qolgan qismlar esa O‘zbekistonda yig‘iladi.
Ma’lumlarga ko‘ra, vagonlar qisman past polli, Wi-Fi, shuningdek, ichki va tashqi videokuzatuv tizimlari bilan jihozlangan bo‘ladi. Aytish mumkinki, Chexiyaning ushbu kompaniyasi Latviya va Estoniyaga ham xuddi ana shunday poyezdlar yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
“Bu - istiqbolli hamkorlikning boshlanishi, xolos. Biz Škoda kompaniyasining O‘zbekistonda ulkan salohiyatga ega ekanligini e’tirof etamiz”, dedi Bosh vazir Abdulla Aripov.
Eslatib o‘tamiz, 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Chexiyaga borgan va mamlakat Bosh vaziri Petr Fiala bilan uchrashgan edi.
Abdulla Aripov, shuningdek, Chexiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat Prezidenti Petr Pavel bilan ham uchrashdi.
LiveBarchasi