OTMga kirish uchun minimal o‘tish bali o‘zgarishsiz qoldi
Jamiyat
−
28 iyul
17045O‘zbekistonda 2024/2025-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida minimal o‘tish balli o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra:
- davlat granti bo‘yicha minimal o‘tish balli – 68,0 ball (maksimal 189,0 ballning 36 foizi);
- to‘lov-kontrakt bo‘yicha minimal o‘tish balli – 56,7 ball (maksimal 189,0 ballning 30 foizi) etib belgilandi.
Belgilangan ballni to‘play olmagan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari uchun tanlovda ishtirok etmaydi.
Ma’lumot uchun, oldinroq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov joriy yildan minimal ball oshirilishi haqida aytib, sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun – 75,6 ball, boshqa yo‘nalishlar uchun esa 66,5 ball o‘tish bali bo‘lishini aytgandi. Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun topshirilgan bu yilgi imtihonlarda abituriyentlarning deyarli yarmi testdan yiqildi. Testga kirgan abituriyentlarning 345 ming 869 nafari (46,9%) 56,7 ballni ham to‘play olmagan. 56,7 dan ko‘proq ball to‘plagan abituriyentlar soni 391 ming 482 nafarni (53,1%) tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlangani xabar qilingandi.