OTB O‘zbekistonga yana 161 mln dollar qarz beradi
Jamiyat
−
11 avgust 2022
7592Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda suv ta’minoti loyihalari uchun 161 million dollar ajratadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 2 avgust kuni qabul qilingan “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tilgan.
Hujjat Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlarida hamda Chinoz tumani markazida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining ichimlik va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, ushbu hududlarning sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatini yanada yaxshilash, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi va OTB o‘rtasida “Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich)” loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 25 yilda qaytarish sharti bilan 161 mln dollar miqdoridagi qarz bitimi imzolangan.
Loyihaning umumiy qiymati 185,8 mln dollar, shu jumladan:
• OTB qarzi –161 mln dollar;
• loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash va bojxona imtiyozlari shaklida ulushi – 24,8 mln dollar;
• loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2022 – 2027 yillar) tashkil etadi.
“O‘zsuvta’minot” AJ loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishini, OTB qarzidan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlaydigan mas’ul ijro etuvchi organ etib belgilandi.
Toshkent viloyati hokimligi “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda loyihaning sifatli amalga oshirilishi, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilishi va OTB qarzi qaytarilishi uchun javobgar hisoblanadi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
• “Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich)” loyihasini texnik-iqtisodiy asoslashning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;
• Loyiha doirasida Osiyo taraqqiyot banki qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini to‘lashning prognoz jadvali;
• Loyiha doirasida Osiyo taraqqiyot banki qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash bo‘yicha ulushlar taqsimotining prognozi;
• “Toshkent suv ta’minoti” MCHJni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”.
LiveBarchasi