Samarqandda OTB yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2025-2026 yillarda Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashiga raislik qiladi va kengashning yillik yig‘ilishi 2026 yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 18 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilganida so‘z ochildi.

Suhbat avvalida OTB rahbari mamlakat yetakchisini strategik sheriklikning 30 yilligi hamda 2025-2026 yillarda bankning Boshqaruvchilar kengashiga raislik O‘zbekistonga o‘tgani bilan tabrikladi. Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda – qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Shuningdek, “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilmoqda. Suveren bo‘lmagan moliyalashtirish mexanizmlari faol joriy etilmoqda.

OTB Boshqaruvchilar kengashining 2026 yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti bo‘lajak tadbir doirasida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash, unda infratuzilmani rivojlantirish, texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish, ipoteka bozori va xususiy sektorni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish tashabbusini ilgari surdi.

Bankning yirik milliy va mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida transport, energetika va savdo loyihalarini ilgari surishda faol ishtirok etishi muhim ekani ta’kidlandi.

OTB prezidenti Masato Kando mamlakatdagi keng ko‘lamli yangilanishlar natijalarini yuksak baholadi hamda Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil 6-7 may kunlari Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 58-yillik yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarligida ishtirok etdi. Yig‘ilishda 2025–2026 yillar davomida OTB Boshqaruvchilar kengashi raisligi O‘zbekistonga o‘tishi rasman e’lon qilindi. Jamshid Xo‘jayev kengash raisi sifatida tasdiqlandi. Shuningdek, yig‘ilish yakunida OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik majlisi 2026 yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand Osiyo taraqqiyot banki OTB Masato Kando

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing