OTB O‘zbekistonga yana $150 mln qarz beradi

Jamiyat

image

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 150 mln AQSH dollari miqdorida qarz ajratadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 27 sentyabr kuni qabul qilingan “"Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish" loyihasini Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2022 yil 24 iyunda imzolangan Bitimga muvofiq 25 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan 150 mln AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishi nazarda tutilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 194,9 mln AQSH dollarini tashkil etadi, shu jumladan O‘zbekistonning hissasi 40,2 mln AQSH dollari ekvivalentida, shundan 26,6 mln AQSH dollari respublika byudjeti hisobidan QQSni qoplab berish va bojxona bojidan ozod etish shaklida bo‘ladi.

Osiyo taraqqiyot jamg‘armasidan 3 mln AQSH dollari, Osiyo taraqqiyot bankining Yuqori texnologiyalar jamg‘armasidan 0,3 mln AQSH dollari ajratiladi, fermer xo‘jaliklari ulushi esa 1,38 mln AQSH dollarini tashkil qiladi.

Loyihani amalga oshirish davrida (7 yil –2022-2029 yillar) “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan maxsus texnikalar, mexanizmlar va texnologik uskunalar bojxona bojlari va soliq to‘lovlaridan shartli ozod etiladi.

Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida amalga oshiriladi.

Suv xo‘jaligi vazirligi - loyihani amalga oshirish, qarz va grant mablag‘laridan maqsadli hamda samarali foydalanish, shuningdek, barcha maqsadli ko‘rsatkichlariga erishilishini ta’minlash yuzasidan mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi. Loyihani boshqarish va muvofiqlashtirish funksiyalari Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markaziga yuklanadi.

Osiyo taraqqiyot bankining qarzini so‘ndirish, shuningdek, foiz, qarz bo‘yicha komissiya va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekistonning Respublika byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

•    “Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, shuningdek “Jondor” va “Bobotog‘” subloyihasi bo‘yicha;
•    “Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish" loyihasi uchun Osiyo taraqqiyot bankidan jalb etiladigan qarz bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish va foizlar to‘lashning prognoz jadvali.


Maqola muallifi

Teglar

kredit Osiyo taraqqiyot banki

Baholaganlar

59

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing