OTB O‘zbekistonga muammoli sohalar uchun qariyb $3 mlrd beradi

Jamiyat

image

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 2022-2024 yillarda 27 ta loyihani amalga oshirish uchun jami 2,8 milliard dollar ajratadi. Bu haqda bank prezidenti Masatsugu Asakava mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan bo‘lib o‘tgan onlayn konferensiyada ma’lum qilgan.

“OTB O‘zbekiston salohiyatini oshirish va yangi rivojlanish strategiyasini amalga oshirishda yordam berishda davom etadi”, deydi Asakava. 

Joriy yilda bank O‘zbekistonga bir qancha yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatish niyatida, jumladan:

•  qayta tiklanadigan energetika;
•  suv resurslariga investitsiyalar, shaharlar infratuzilmasini va yo‘llarni rivojlantirish;
•  davlat korxonalarini Davlat hususiy sheriklik asosida kreditlash;
•  ipoteka bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish;
•  kredit kafolatlari va loyihaga tayyorlikni moliyalashtirish.

Qayd etilishicha, OTB O‘zbekistonda 2022-2024-yillarda jami 2,8 milliard dollarlik 27 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan, shundan 3 tasi 524 million dollarlik loyiha joriy yilda amalga oshiriladi.

Shuningdek, bank Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligining boshqaruv salohiyatini oshirish uchun maslahatchilarni taqdim etadi.

Ma’lum qilinishicha, OTB Navoiy viloyatida o‘tgan yili avgust oyida ishga tushirilgan fotoelektrostansiyasini qurish uchun 17,5 million dollar ajratgan. Bundan tashqari, quyosh energetikasini rivojlantirish dasturi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryoda quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha ikkita tender e’lon qilingan.

Qolaversa, bank ko‘magida Toshkent shahar hokimligi Fransiyaning “Veolia” kompaniyasi bilan shahar isitish tizimini boshqarish va modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Ta’kidlanishicha, Sardor Umurzoqov bankdan O‘zbekistondagi yo‘llarni ta’mirlashga xususiy sektorni jalb qilishda yordam so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

OTB

Baholaganlar

68

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing