OTB O‘zbekiston moliya bozorini rivojlantirish uchun imtiyozli qarz beradi
Jamiyat
−
10 fevral 2022
4162Joriy yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Moliya bozorini rivojlantirish dasturi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda ta’kidlanishicha, 2021 yil 7 oktyabrda Osiyo taraqqiyot banki Direktorlari kengashi tomonidan “Moliya bozorini rivojlantirish dasturi” loyihasi doirasida O‘zbekistonga 25 yil muddatga 5 yillik imtiyozli davr bilan $100 mln miqdorida qarz ajratilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
OTB mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi byudjetining xarajatlarini moliyalashtirish uchun foydalaniladi. Moliya vazirligi - loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring olib borish, shuningdek, OTB mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi. Valyuta xatarlarini qisman xedjirlash maqsadida xalqaro moliyaviy kontragentlar bilan hamkorlikda OTB mablag‘larining $20 mln miqdoridagi qismi bo‘yicha 3 yil muddatga ilk sinov svop operatsiyasini amalga oshirish nazarda tutilgan.
OTB mablag‘larini qaytarish va foiz bo‘yicha to‘lovlar hamda ilk sinov svop operatsiyasi doirasida amalga oshiriladigan foiz to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston respublika byudjetining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda, Xalqaro svop va derivativlar assotsiatsiyasining bosh kelishuviga asosan tushadigan daromadlar Respublika byudjetining daromadlari sifatida aks ettiriladi.
Markaziy bankka loyihani hamda Xalqaro svop va derivativlar assotsiatsiyasi bilan tranzaksiyalarni amalga oshirishda moliyaviy agent funksiyasini bajarish tavsiya etildi.
Osiyo taraqqiyot banki tomonidan “Moliya bozorini rivojlantirish dasturi” loyihasi doirasida ajratiladigan qarzni qaytarish va foiz bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali tasdiqlandi.