Otabek Umarov nomidan sportchilarga feyk xabarlar yuborilmoqda – MOQ
Jamiyat
−
21:37 1961 1 daqiqa
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov nomidan bir qator taniqli sportchilar hamda sport hamjamiyati vakillariga xabarlar yuborilmoqda. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, ushbu xabarlar feyk akkauntlar tomonidan tarqatilmoqda va bu firibgarlikka urinish hisoblanadi.
“O‘zbek sportiga oid barcha xabar va bayonotlar faqatgina O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rasmiy axborot resurslari yoki federatsiya hamda assotsiatsiyalar orqali e’lon qilinadi”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan bunday xabarlarga ishonmaslik, ularga javob bermaslik, shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etmaslik hamda shubhali akkauntlarni zudlik bilan bloklab, ularga nisbatan shikoyat yuborish so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida noma’lum shaxs oson yo‘l bilan pul topish maqsadida Telegram messenjerida viloyatdagi nufuzli tashkilot rahbari nomidan soxta akkaunt ochgani aniqlangandi.
Live
Barchasi