Otabek Umarov Xitoyga bordi
Sport
−
23 Sentabr 2023
14396Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi – Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov Xitoyning Xanchjou shahridagi O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 23 sentyabr kuni OOK vitse-prezidenti Otabek Muhammadaliyevich Umarov Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarining Atletlar shaharchasiga borib, O‘zbekiston delegatsiyasining shtab-kvartirasini ko‘zdan kechirgan. Vitse-prezidentga Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov hamda Oybek Qosimov boshchiligidagi MOQ rahbariyati hamrohlik qilgan.
“Tashrif davomida shaharchada delegatsiyamiz uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Atletlarimiz yashaydigan xonalar, tibbiyot bo‘limi, mashg‘ulot va musobaqa zallariga qatnashlari uchun yo‘lga qo‘yilgan transport-logistika tizimi, sport turlari bo‘yicha musobaqalar taqvimi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, atletlar shug‘ullanadigan sport zallari, oshxonalar ham ko‘zdan kechirildi”, deyiladi MOQ xabarida.
Otabek Umarov ayni paytda shaharchada yashayotgan o‘zbekistonlik sportchi va murabbiylar bilan yaqindan suhbatlashib, bo‘lajak bahslarida omad tilagan.
Ma’lumot uchun, OOK vitse-prezidenti bugun Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati tarkibida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi