Ota o‘g‘lini qo‘shni bola bilan urishtirib, unga o‘zi ham qo‘shildi
3-sahifa
−
23 mart
12298Bugun, 23 mart kuni Bolalar ombudsmani Toshkent shahar Uchtepa tumanida ota o‘z farzandini boshqa bola bilan urishtirib, uni kaltaklagani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 21 mart kuni Uchtepa tumanida 10 yoshli T.M. qo‘shnisi X.K. bilan o‘zaro kelishmovchilik sabab urishgan. Bu vaqtda T.M.ning otasi E.M. ularni o‘zaro janjalini kuzatib, bolalarni ajratish o‘rniga aksincha, o‘g‘liga qo‘shnisi X.K.ni urishiga imkon yaratgan. O‘zi ham urishga ko‘maklashib, janjalni davom ettirishga o‘g‘lini majbur qilgan.
Aniqlanishicha, voyaga yetmagan T.M. va X.K. o‘zaro janjal oqibatida biron bir tan jarohati olmagan va tibbiy muolaja olish uchun tibbiy muassasaga murojaat etish zarurati bo‘lmagan.
Hozirda holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilgan. Bolaning otasi E.M. ning bunday harakatlariga huquqiy baho berilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortish masalasi o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, tugayotgan hafta davomida Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Cho‘lobod qishlog‘ida yashovchi ayol 7 yashar jiyanini urib o‘ldirgani, Samarqandda esa 13 yashar bola oyog‘idan kishanlangan holda topilgani haqida xabar bergan edik.