Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan kimsaga maksimal og‘ir jazo berilishini aytdi
Jamiyat
−
09:16 2946 2 daqiqa
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Namangandagi bog‘chada 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishi kerakligini bildirdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Namanganda yuz bergan fojia haqida menga xabar berishdi. Bo‘lgan voqeani eshitib, g‘azabim ichimga sig‘may ketdi”, deb yozdi u.
Uning bildirishicha, bunday vahshiyona jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash kerak. Amaldagi qonunchilikda oliy jazo ko‘zda tutilmagani sababli javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlanmoqda.
Shuningdek, tegishli idoralarga barcha zarur ko‘rsatmalar berilgani bildirilgan. Jinoyatni sodir etgan shaxs qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortilishi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, o‘zining beparvoligi bilan ushbu jinoyatga yo‘l ochgan, voyaga yetmagan bolani himoya qila olmagan barcha mas’ullar ham jazolanishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K.M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgangandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgandi. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgandi.
Live
Barchasi