Namanganda bog‘chadagi zo‘ravonlikdan so‘ng Bolalar ombudsmani vazirlikka taqdimnoma kiritdi

3-sahifa

−

image

Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchini zo‘rlagani va qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritdi. Bu haqda Bolalar ombudsmanining Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, taqdimnoma joriy yilning 22 sentyabr kuni Bolalar ombudmanining vakolatlari doirasida kiritilgan.

Unda maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan o‘tkazilayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini tanqidiy ko‘rib chiqish, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rish hamda mas’ul xodimlarning belgilangan tartibda javobgarligi masalasini ta’minlash so‘ralgan.

Shuningdek, hodisaning sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlash, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish talab etilgan.

Jumladan, respublikadagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini qat’iy ta’minlash choralarini kuchaytirish, ta’lim tashkilotlari xodimlarining o‘z kasbiy vazifalarini bajarishi ustidan mas’ullar tomonidan manzilli tekshiruvlar tashkil etish zarurligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ichki nazorat mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish so‘ralgan.

Qonunchilikka muvofiq, vazirlik taqdimnoma ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasi haqida 15 kunlik muddatda Bolalar ombudsmaniga barcha hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda ma’lumot berishi kerak bo‘ladi.

“Bolalar ombudsmani davlat organlari faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda davom etadi”, deyiladi taqdimnomada.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K.M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing