Ostin Yamanga berilgan zarbalarni shifoxonadan turib nazorat qildi – CNN
Olam
−
12 yanvar
4581Pentagon rahbari Lloyd Ostin Yamandagi husiylarning ob’ektlariga berilgan zarbalarni shifoxonadan nazorat qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi rasmiysiga tayanib, CNN xabar berdi.
"Bugun Ostin CENTCOM’ga (AQSH Markaziy qo‘mondonligi) zarbalar berishni buyurdi va ularni real vaqt rejimida kuzatib bordi", deydi rasmiy.
Unga ko‘ra, Pentagon rahbari 9 yanvardan 11 yanvargacha AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan ikki marta gaplashgan. Ostin so‘nggi 72 soat ichida zarbalarni kuzatish va boshqarishda faol ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 12 yanvarga o‘tar kechasi AQSH va Britaniya kuchlari samolyotlar, kemalar va suvosti kemalari yordamida Yamanning Sana, Saada, Hodeyda, Taiz va Damar kabi bir qancha shaharlarida husiylarning nishonlariga zarba berdi. AQSH Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Yamandagi zarba Qizil dengizdagi “misli ko‘rilmagan husiy hujumlari”ga javob bo‘lgan va mudofaa xarakteriga ega. Amerika ma’muriyati raketalar, uchuvchisiz havo vositalari va husiy radar stansiyalari joylashgan joylarga hujum qilinganini bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1 yanvar oqshomida Pentagon rahbari Valter Rid (Merilend shtati) Milliy tibbiyot markaziga yotqizilgandi. 9 yanvar kuni e’lon qilingan tibbiyot markazi bayonotida aytilishicha, mutaxassislar Mudofaa vaziriga 2023 yil dekabrida prostata saratoni tashxisini qo‘ygan va u 1 yanvar kuni operatsiya qilingan. Mutaxassislar Ostinning to‘liq tiklanishini kutishini, ammo bu uzoq jarayon bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. AQSH Kongressi a’zolari Ostindan Pentagon nega uning shifoxonaga yotqizilgani haqida jamoatchilik va rasmiylarni zudlik bilan xabardor qilmaganini tushuntirishni talab qilgan. Mudofaa vazirligi Ostinning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumotni uch kun davomida Oq uydan sir saqlagan. 9 yanvar kuni Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo‘mitasi Mudofaa vazirining shifoxonaga yotqizilishi bilan bog‘liq holatlarni tekshirishni boshladi.
LiveBarchasi