Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki O‘zbekiston yo‘llarini ta’mirlashga yordam beradi

Jamiyat

image

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan O‘zbekiston yo‘llarini ta’mirlash borasida hamkorlik yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 10 iyun kuni Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining investitsiyalar bloki rahbari Konstantin Limitovskiy boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashgan.

Uchrashuvda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish borasida bank moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etilgan. Jamshid Tursunov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda mamlakatda yirik strategik loyihalar amalga oshirilayotganligi munosabati bilan o‘z minnatdorligini bildirgan.

Shuningdek, tomonlar “A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 150 – 228-km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati yuzasidan fikr almashgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi (328,1 km) hamda Xorazm viloyatidagi (188 km) umumiy foydalanuvdagi mahalliy ahamiyatga ega 516,1 km avtomobil yo‘llari qismlarini to‘la ta’mirlash loyihasi bo‘yicha hamda istiqbolda hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuv amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi IX yillik yig‘ilishining ochilish sessiyasida “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshirilishni ma’lum qilgan edi. Shuningdek, OIIB bilan o‘rta shaharlarni rivojlantirish va qishloq joylarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlangandi.  


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Jamshid Tursunov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing