Osiyo davlatlari NATOning mintaqada urush boshlashiga yo‘l qo‘ymaydi – Xitoy
Olam
−
06 iyun 2023
9524Xitoy va boshqa Osiyo davlatlari mintaqada har qanday harbiy bloklar tuzilishiga qarshi va bu yerda “sovuq yoki issiq urush” boshlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda bugun, 6 iyun kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Tokioda Shimoliy Atlantika alyansi vakolatxonasi ochilishiga qarshi pozitsiyasini izohlar ekan, aytib o‘tdi.
“Osiyo mintaqasidagi aksariyat davlatlar hech qanday harbiy bloklar tuzishni, NATOning Osiyoga cho‘zilishini qo‘llab-quvvatlamaydi va mintaqada bloklar qarama-qarshiligi tizimini nusxalashni nomaqbul deb hisoblaydi hamda mintaqada sovuq yoki issiq urush qo‘zg‘atilishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deydi Xitoy TIV rasmiy vakili.
Shuningdek, Van Venbin Tokio mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka putur yetkazadigan harakatlardan qochishi kerakligini ta’kidlagan.
Aytish joizki, Yaponiyada NATO vakolatxonasining ochilishiga alyansning barcha a’zolari bir ovozdan rozi bo‘lishi talab qilinadi. Shuning uchun Fransiya 2007 yildan beri muhokama qilinayotgan bu harakatni to‘sish imkoniyatiga ega. Joriy yilning 11-12 iyul kunlari Litvada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida mazkur masala ko‘rib chiqilishi nmumkin. Unda NATOga a’zo bo‘lmagan Yaponiyaning Bosh vaziri Fumio Kisida shaxsan qatnashishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans Tokioda ofis ochish niyatida ekanligini tasdiqlagandi. Oldinroq Xitoy Yaponiyani shu masalada ogohlantirdi. Yaponiya tomoni esa bu masala hali ham muhokama qilinayotganini qayd etdi.
LiveBarchasi