Oshqozon-ichak saratonining yashirin sababi aniqlandi

Salomatlik

image

Avstraliyalik olimlar oshqozon-ichak traktida joylashgan asab tizimi o‘simta rivojlanishiga bevosita ta’sir qilishi mumkinligini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot BMJ Oncology jurnalida e’lon qilindi.

Oliviya Nyuton-Jon nomidagi Saraton tadqiqotlari instituti hamda La Troba universiteti Onkologiya maktabi mutaxassislari neyropeptid CGRP va uning retseptori RAMP1 oshqozon va yo‘g‘on ichak o‘smalarini o‘sishini faollashtirishini isbotlagan.

Tadqiqotni olib borgan doktor Pavita Paratanning ta’kidlashicha, o‘simta ichidagi nerv tolalari CGRP neyropeptidini o‘z ichiga olib, uning o‘sishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, o‘simta hujayralarining o‘zi ham ushbu moddani ishlab chiqarishi aniqlangan. Bu esa o‘smalarning rivojlanish jarayonida asab tizimi signallaridan foydalanishi mumkinligini anglatadi. Olimaning fikricha, ayni jarayonni to‘xtatish qobiliyatiga ega dori vositalari hozirning o‘zida mavjud. 

Mazkur dorilar CGRP va RAMP1’ga qaratilgan bo‘lib, hozirda migrenni davolashda qo‘llaniladi. Ularning tasdiqlangan va yaxshi tahlil qilingani saratonni davolashga tez moslashtirish imkonini beradi. Genetik muhandislik yordamida o‘simta hujayralaridan RAMP1 retseptorini olib tashlash natijasida ularning o‘sish qobiliyati sezilarli darajada pasaygani qayd etilgan.
     
Tadqiqotning katta muallifi, ONJCRI laboratoriyasi rahbari doktor Liza Milke saraton rivojlanishida asab tizimining o‘rganilishi yangi va istiqbolli yo‘nalish ekanini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, keyingi bosqichda mavjud migrenga qarshi dori vositalarining o‘smalarga qarshi samaradorligi sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kelajakda mutaxassislar CGRP ingibitorlarini kolorektal saratonni davolashning standart usullari bilan birgalikda klinik sinovlarga kiritishni mo‘ljallamoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hozirgi vaqtda 3 milliarddan ortiq, ya’ni dunyo aholisining taxminan 40 foizi nevrologik kasalliklar ta’sirida ekani haqida xabar bergan edi.  

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

saraton Oshqozon-ichak saratoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing