Ortiqxo‘jayevga rahmat aytgan deputat ham muddatidan avval lavozimidan ozod qilindi
Jamiyat
−
28 yanvar 2023
20021Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Abdumavlon Qosimov o‘z arizasiga binoan muddatidan oldin iste’foga chiqarildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ning bir-biridan mustaqilmanbasi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatning, shuningdek, kengashi kotibiyati mudiri lavozimida ishlab kelayotgan Abdumavlon Qosimovning muddatidan oldin iste’foga chiqishini bir ovozdan ma’qullagan.
Bu haqdagi kengash qarori esa 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan 77-sessiyada qabul qilingan. Abdumavlon Qosimov bugungacha Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining ijtimoiy tarmoqlari hamda kengash saytini nazorat qilib kelgan.
Yaqinda sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga bildirilgan minnatdorlik ham aynan uning tashabbusi bo‘lib, bugungi kunda kengashning rasmiy sayti ham, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ham faoliyatini butunlay to‘xtatgan.
U 2020 yil yanvar oyida “Adolat” partiyasidan 45-Qoratosh okrugi deputati etib saylangan va shunga ko‘ra uning deputatlik vakolati 2025 yilning yanvarigacha amal qilishi kerak edi.
Ma’lumot uchun, Qosimov Abdumavlon Nosirovich 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. “Saray Plastic” qo‘shma korxonasi bosh direktori, tadbirkor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning shahar kengashi deputatlik vakolati muddatidan oldin to‘xtatilgani haqida ham xabar bergan edik.
LiveBarchasi