Ortiqxo‘jayev jurnalist va blogerlar uchun kovorking markaz qurib bermoqchi
Jamiyat
−
19 noyabr 2020
5819Toshkentda blogerlar va jurnalistlar uchun Coworking markazi tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi yetakchisi bino bilan ta’minlashini so‘rab murojaat qildi. Hokim bunga javoban, tez orada bino ajratilishini aytib, quyidagilarni qo‘shimcha qildi.
“Yana bir narsani aytib o‘tmoqchi edim. Nafaqat yoshlarga, keyingi yilda blogerlarga, jurnalistlarga erkin joy qilib bermoqchimiz. Kelib, xohlagancha internetdan foydalanib ishlashlari uchun joy qilib bermoqchimiz. Kovorking markaz...”
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalist va blogerlar bilan bir necha bor tortishuvlarga borgani va so‘nggi holat o‘tgan yilning 16 noyabr kuni ro‘y berganini eslasak, Ortiqxo‘jayevning jurnalist va bloger uchun bunday maydon tashkil etish fikri biroz ajablanarli tuyuladi. Biroq, tanganing ikkinchi tarafi ham borki, shahar hokimi jurnalist va blogerlar bilan muammolarga duch kelmasidanoq, 2019 yilning iyul oyida Toshkentda jurnalistlar uchun alohida “Media City” qurish orzusi borligini aytgandi.
“Avvallari chet ellarda ko‘p bo‘lar edik. Shundan buyon niyatim borki, biz ham “Media City” qurishimiz kerak. Ya’ni hamma media namoyandalari – tahririyatlar bo‘ladimi yo blogerlar, saytlarning kichik shaharchasi bo‘lishi kerak. Ular bir-biriga havas qilib, tajriba almashib ishlashi kerak. Dubayda shunday shaharchaga kirib, havasim kelgan. Hamma nashriyot va saytlar bir joyda joylashgan. Men hammangizni bir joyda, kichik bir shaharchada ko‘rishni orzu qilaman”, degan edi Ortiqxo‘jayev.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev allaqachon shaxsiy media-biznesiga ega. U “Zo‘r” telekanalining muassislaridan biri hisoblanadi.