Ortiqxo‘jayev va nihoyat aybini tan oldi

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtda kesilib ketgan daraxtlar uchun aybni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda hokim bugun, 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisida gapirdi. 

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev, “Toshkent shahrida 1,2 mlnga yaqin daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan. Lekin ularning 20 foizi ham yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan. Natijada moratoriyga qaramasdan, daraxtlarni kesish holati hamon davom etmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2021 yilning yanvar – noyabr oylarida 33609 dona daraxtlarni kesish uchun Ekologiya qo‘mitasiga arizalar kelgan. Ulardan 22145 da daraxt rad javobi bilan saqlab qolingan. Lekin ko‘p joylarda qurilishlar daraxtlar bor joylarda bo‘lyapti”, deya Ortiqxo‘jayevga yuzlandi. 

Senatorning savoliga javoban hokimbuva shunday deydi: 

“Oxirgi yillarda daraxtlarning aniq egasi bo‘lmagan. Na ekologiyaga, na hokimiyatga qarashli bo‘lgan, raqamlashtirilmagan. Kim qayerga xohlasa, daraxt ekilgan. Ekish kerak bo‘lmagan joyga ham daraxt ekilgan. Ekish kerak bo‘lgan joylarga ekilmagan holatlar ham bor. Hozir hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan ekologik politsiya tashkil qilingan. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi qoshida raqamlashtirish markazi tashkil etildi. Ushbu markaz orqali har bir daraxt hisobga olinib, uning boshqaruvini yo‘lga qo‘yganmiz. 

Haqiqatan kesilib ketgan joylari bor. Shahar hokimiyati bunda to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berolmay qolgan joylari ham bor, aybdor joylari ham bor, men buni tan olaman. Qurilish maydonlarida kesilib ketgan, nobud bo‘lgan daraxtlar bor, buni ham tan olaman”. 

Toshkentda olib borilayotgan qurilish rekonstruksiya ishlari oqibatida sug‘orish tizimiga jiddiy zarar yetmoqda. Buning ortidan esa Chilonzor tumanida joylashgan G‘ofur G‘ulom bog‘ida 15 ta, Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy bog‘ida 35 ta daraxt qurib qolgan. Senat qo‘mitasi raisi Tojiyev Ortiqxo‘jayevning qarshisiga ushbu faktlar bilan chiqarkan, undan muammoni bartaraf etish bo‘yicha aniq rejalari bor-yo‘qligini so‘radi. 

“Hozirgi vaqtda suvning yer sathidan qochishi shahardagi qurilishlarga bog‘liq emas. Chunki bitta Toshkent shahrida emas, butun dunyoda ekologiyaning o‘zgarishi suvlarning yer sathidan pasayishiga olib kelyapti. Men o‘ylaymanki, bu masala ustida ham ekologlarimiz ishlashadi. 

Aytdim-ku, bu daraxtlarning egasi bo‘lmagan. Yillar davomida kimdir 1,5 million, yana kimdir 2 million daraxtimiz bor degan. Lekin bu daraxtlar qayerda, qanday daraxtlar ekani haqida hech qanday ma’lumotlar bo‘lmagan. Mana endi biz Toshkent shahar hokimligi qoshida raqamlashtirish markazini ishga tushirdik. Ekologiya qo‘mitasi bilan birga daraxtlarni himoyaga olish va ularni muhofaza qilish uchun birma bir raqamlashtiryapmiz”, deydi Ortiqxo‘jayev.  

Jahongir Ortiqxo‘jayev hokimlikka kirishganidan buyon o‘zini daraxt himoyachisi sifatida ko‘rsatib kelishiga qaramasdan, aynan uning davrida Toshkentda yuzlab daraxtlar kesildi. Hokim bir necha bor aholi bilan mana shu masalada qarama-qarshilikka ham bordi. Joriy yilning fevral oyida Ortiqxo‘jayev biror daraxt kesilsa, o‘z arizasi bilan ishdan ketishi haqida gapirgandi


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

885

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing