Ortiqxo‘jayev toshkentlik taksistlarga murojaat yo‘lladi
Jamiyat
−
22 mart 2020
25962Biroz avval, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan 22 martdan e’tiboran 22 martdan e’tiboran poytaxt Toshkentda jamoat transporti harakati vaqtincha to‘xtatilishi haqida xabar bergan edik.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik sub’ektlariga murojaat yo‘lladi. Unday shunday deyiladi:
“22 martdan Toshkent shahrida faqat yengil avtomobillar, ya’ni dezinfeksiya qilingan yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashilishiga ruxsat berildi.
Shu bois qonuniy tarzda mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik sub’ektlari o‘zlariga tegishli bo‘lgan avtomashinalarni poytaxtdagi 8 ta avtobus saroyida Toshkent shahar Sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan hech qanday to‘lovsiz dezinfeksiyadan o‘tkazishlari mumkin.
Yo‘lovchi tashishga Toshkent shahar SEOM nazoratidan o‘tmasdan va avtomashinasini dezinfeksiyadan o‘tkazmasdan chiqqan haydovchilarga qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.
Shu bilan birga barcha taksi egalaridan yo‘l haqini oshirib yubormasdan, mo‘’tadil ushlab turish so‘raladi.
Shuningdek, barcha hamshaharlarimizni poytaxtimizda koronavirus tarqalishining oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlash borasida ko‘rilayotgan barcha choralarni qo‘llab-quvvatlab, tavsiyalarni amalga oshirishga yakdillik bilan munosabatda bo‘lishga chorlab qolamiz”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 41 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor