Ortiqxo‘jayev Dushanbega borib, Prezident Rahmonning o‘g‘li bilan uchrashdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortixqo‘jayev kecha, 23 mart kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib, Prezident Imomali Rahmonning o‘g‘li – Dushanbe meri, parlament raisi Rustam Imomali bilan uchrashdi. 

Ortiqxo‘jayev “Dushanbe – MDHning madaniy poytaxti - 2021" tadbirining ochilish marosimi hamda “Navro‘z-Dushanbe – madaniy va sayyohlik aloqalari platformasi” II Xalqaro forumida ishtirok etgan. 

Tojikiston Prezidenti Ijro etuvchi Devonining mehmonxonalar majmuasida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda Tojikiston Respublikasi Majlisi Oliy Majlisi raisi, Dushanbe shahri raisi Rustami Imomali bilan uchrashgan. 

Rustami Imomali Toshkent shahar hokimini Dushanbeda ko‘rib turganligidan xursandligini bildirib, bu O‘zbekiston poytaxti hokimi boshchiligidagi ilk delegatsiya ekanligini qayd etgan. O‘zbek xalqini Sharqona yil boshi, yangi kun – Navro‘z bilan tabriklab, O‘zbekiston tomoni bilan barcha sohalardagi hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qilgan.

O‘z navbatida Toshkent shahar hokimi ham do‘stona va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, har ikki tomonda o‘ziga xos yutuqlar borligi, o‘zaro aloqalarni rivojlantirish orqali tajriba almashish, malaka oshirish va ijobiy natijalarga erishish mumkinligiga to‘xtalgan.

Uchrashuvdan so‘ng Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi ichimliklar ishlab chiqaruvchi, granit tosh va marmarni qayta ishlovchi korxonalar faoliyati bilan tanishgani aytilmoqda. Shuningdek, Dushanbedagi ko‘p qavatli uylar qurilishi ko‘zdan kechirilgan. Tashrif davomida tomonlar mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan uy-joylar rejasi hamda O‘zbekistondan qurilish materiallari yetkazib berish borasida fikr almashganlar.Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Dushanbe shahridagi Tennis saroyi, Suv sporti majmuasi, Kohi Navro‘z madaniy-ko‘ngilochar majmuasi hamda Tojikiston Milliy muzeyida ham bo‘lganlar.

Eslatib o‘tamiz, Dushanbe meri va parlament raisi Rustam Imomali 2020 yilning fevral oyida poytaxt Toshkentga kelib, Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrashgan edi. U uchrashuv so‘ngida Ortiqxo‘jayevni Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan Navro‘z tantanalariga taklif qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Rustam Imomali Toshkent-Dushanbe

Baholaganlar

293

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing