“Orolni quritgan afg‘onlar emas”. Ekspert “Tolibon” suv olishga haqli ekanini aytdi
Tahlil
−
18 noyabr 2023
13828O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ekspertlari Afg‘oniston hukumati tomonidan transchegaraviy Amudaryoda Qo‘shtepa kanali qurilishining istiqbollari va oqibatlari, uning quyi Amudaryo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston va Turkmanistonning suv ta’minotiga ta’sirini muhokama qildi. Ushbu muhokamani “Cabar.asia” nashri taqdim etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekistondan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligi rahbari Vadim Sokolov, Qozog‘istondan Ekologik siyosat, suv resurslari va barqaror rivojlanish bo‘yicha ekspert Bulat Yesekin, Tojikistondan energiya va suvdan foydalanish bo‘yicha ekspert Homidjon Orifov va Qirg‘izistondan baland tog‘ iqlimi, muzliklarning erishi va suv resurslari bo‘yicha tadqiqotchi Risqul Usubaliyev ishtirok etdi.
“Tolibon” Qo‘shtepa kanali qurilishini 2022 yilning mart oyida boshlagan edi. Uning uzunligi 285 km, kengligi 100 m va chuqurligi 8,5 m bo‘lishi rejalashtirilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, 100 km allaqachon ishlab chiqilgan. Uning yordamida Afg‘onistonning uchta shimoliy viloyatlari – Balx, Juzjon va Faryobda 500 ming gektardan ortiq maydonni sug‘orish, 250 mingga yaqin aholini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Afg‘onistondagi transchegaraviy Amudaryoda kanal qurilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarida, ayniqsa, ushbu daryoning quyi oqimida joylashgan mamlakatlarda jiddiy xavotir uyg‘otdi. Mamlakatlar mintaqaning asosiy daryosidan sug‘orish suvining 15 foizini yo‘qotishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, global iqlim o‘zgarishi, tez-tez qurg‘oqchilik va transchegaraviy daryolarda suv sathining sezilarli darajada pasayishi hisobga olinsa, bu haqda tashvishlanish o‘rinli.
“Agar qurilish rejalari amalga oshsa, Amudaryodan jami suv olish yiliga 6 dan 10 kub kilometrgacha bo‘lishi mumkin – bu hozirgi daryo oqimining 15 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Tabiiyki, bu quyi oqimda joylashgan barcha hududlarga, birinchi navbatda Turkmaniston va O‘zbekistonga kuchli ta’sir qiladi. Iqlim o‘zgarishi tufayli yaqin 15-20 yil ichida Amudaryoning suv resurslari taxminan 10 foizga kamayadi. Eng yomoni, Amudaryo kanalining oxirida Janubiy Orol dengizi bor. Hozir uning faqat g‘arbiy tomoni saqlanib qolgan. U sayozlashib bormoqda, joriy yilning atigi to‘qqiz oyida Orol dengizi g‘arbiy qismida suv sathi 60 santimetrga pasaygan. Bu hududda joylashgan suv omborlari oxirgi yetti yil davomida yetarlicha suv olmagan va asta-sekin tanazzulga yuz tutmoqda. Kanalning qurilishi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi”, deydi Vadim Sokolov.
Aytilishicha, Afg‘onistonning Amudaryodan suv olishga haqqi bor, lekin muammo shundaki, u Markaziy Osiyoning barcha davlatlari ishtirok etuvchi xalqaro shartnomalarni imzolamagan.
“Bu borada Markaziy Osiyoning barcha davlatlari va Afg‘oniston tomoni harakat qilishi kerak. O‘zbekiston allaqachon bu yo‘nalishda harakatlana boshlagan. 2023 yilda mamlakatimiz delegatsiyasi Afg‘onistonga ikki marta tashrif buyurdi”, deydi Sokolov.
Tojikistonlik ekspert Homidjon Orifov esa Afg‘oniston manfaatlarini hisobga olish zarur, deb hisoblaydi, chunki mamlakatning hozir ekologik muammolarga qarshi kurashish imkoni yo‘q.
"Afg‘oniston qancha suv kerak bo‘lsa, shuncha olishga huquqi bor. Mamlakat hozir deyarli falokatli hududga aylandi: urush oqibatlari, iqtisodiy blokada, odamlar hatto oziq-ovqatga ham ega emas. Gap Orol dengizini misol qilib olib, mintaqa uchun ekologik oqibatlar haqida bormoqda. Lekin uni quritgan afg‘onlar emas”, deydi u.
U suv olish shartlarini davlat darajasida kelishish zarur, deb hisoblaydi.
“Shuning uchun, Amudaryo suvlarining o‘zlashtirilishi jarayonida paydo bo‘lgan “ishtaha”ni kamaytirish kerak. Agar hozirgi iqlim sharoiti davom etsa, bu resurs, albatta, kamayib boradi. Eng ko‘p olganlar tejashni boshlashlari va suvni tejovchi texnologiyalarga o‘tishi kerak. Boshqa yo‘l ko‘rmayapman”, deydi Orifov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, haqiqat shundaki, Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistondan farqli holatda.
“Ularning ba’zi dolzarb muammolari bor, bizda esa boshqacha. Ular odamlarni boqishlari, afyun plantatsiyalarida ko‘knor yetishtirishdan chalg‘itishlari kerak. Afg‘onistonliklar ekologik oqibatlar haqida umumiy munozaralarga qiziqmaydi, ular suvga muhtoj, biz xohlaymizmi yoki yo‘qmi, suv oladilar. Shuning uchun biz muzokara qilishimiz kerak. Umumiy falsafiy mulohazalardan emas, voqelik va hozirgi ehtiyojlardan kelib chiqaylik”, deydi tojikistonlik ekspert.
Shuningdek, yig‘ilishda qozog‘istonlik ekspert Bulat Yesekin ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.
“Markaziy Osiyo yagona suv havzasi, biz bir uyda, bir ekotizimda yashaymiz. Mahalliy qonunbuzarliklar esa butun mintaqada muammolarga olib keladi. Suv tanqisligi bu bizning asosiy muammomiz!” degan u.
Yesekin Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida suvdan foydalanish siyosatini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlab o‘tgan.
“Qirg‘iziston GESlar qurilishini ko‘paytirmoqda, Qozog‘iston suv omborlari sonini ko‘paytirmoqda va hamma kelajakda iqlim o‘zgarishiga moslashamiz, deb o‘ylaydi. Yo‘q, bu bilan biz, aksincha, vaziyatni yomonlashtirib, mintaqa va sayyoramizdagi hayotni qo‘llab-quvvatlovchi tabiiy jarayonlarga ta’sir o‘tkazyapmiz. Cheklangan suv resurslari va iqlim o‘zgarishi sharoitida qanday omon qolishni birgalikda hal qilishimiz kerak”, deydi Yesekin.
Uning so‘zlarini qirg‘izistonlik ekspert Risqul Usubaliyev ham tasdiqlagan. Uning aytishicha, mamlakatlarning yuqori oqimidagi yirik daryolarni to‘ydiradigan muzliklarning erishi bilan bog‘liq vaziyat bashorat qilinganidan tezroq erishmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 11 oktyabr kuni "Tolibon" Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanalining birinchi qismi qurib bitkazilgani va loyihaning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. Ayni paytda kanalning uchdan bir qismi qurib bitkazildi, bu qurilish ishlari rejadagidan ancha oldinda borayotganini anglatadi.
Ikkinchi bosqichda kanalning 177 km uzunlikdagi qismini qurish rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘ylab subkanallarni taqsimlashni o‘z ichiga oladi. Kanal qurilishi Afg‘oniston davlat kompaniyasiga yuklangan. Loyihaning umumiy qiymati 684 million dollarni tashkil etadi. Kompaniya vakillarining aytishicha, bu loyiha xorijlik mutaxassislar yordamisiz amalga oshirilmoqda.
Ammo “Tolibon” Qo‘shtepa kanali uchun pulni qayerdan olmoqda? Bu haqda quyidagi maqolada bilib olishingiz mumkin.
LiveBarchasi