“Orollar bizniki”. Takaichi Kurilga borgan Putinni keskin tanqid qildi
Olam
−
17:06 2732 3 daqiqa
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ilk bor Kuril orollariga tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi. Bu Yaponiyada keskin munosabatga sabab bo‘ldi.
Kreml saytida xabar qilinishicha, Saxalin viloyatiga tashrifi chog‘ida Vladimir Putin Iturup orolida bo‘lib, “Yasniy” baliqni qayta ishlash majmuasiga tashrif buyurgan. U yerda u korxona faoliyati bilan tanishgan va zavod xodimlari bilan muloqot qilgan.
RBK ma’lumotlariga ko‘ra, bu Putinning Kurilga ilk safari hisoblanadi va u darhol Yaponiyaning noroziligiga sabab bo‘ldi.
“Nikkei” nashrining xabar berishicha, mamlakat Bosh vaziri Sanae Takaichi Tokio “Shimoliy hududlar” deb ataydigan Janubiy Kuril orollari (Kunashir, Shikotan, Iturup va Xabomai) “Yaponiyaning azaliy hududi” ekanini ta’kidlagan. Takaichining aniqlik kiritishicha, yapon tomonining pozitsiyasiga ko‘ra, orollar “ham tarixiy nuqtai nazardan, ham xalqaro huquqga muvofiq Yaponiyaning azaliy hududi” hisoblanadi.
U, shuningdek, Yaponiya Putinning tashrifiga “qat’iy norozilik” bildirishini va buni Tokioning hududiy nizo bo‘yicha pozitsiyasiga zid deb bilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidentining safari “yapon xalqining tuyg‘ularini haqoratlaydi” va “mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas”.
Bosh vazir Yaponiya Rossiya tomonidan Shimoliy hududlarga tashrif buyurishdan tiyilishni bir necha bor so‘raganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Putinning safaridan so‘ng o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni qayta tiklash yanada qiyinlashadi.
Takaichining gaplariga Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev munosabat bildirgan.
“Ular (Kuril orollari) Rossiya hududi bo‘lgan, shunday va shunday bo‘lib qoladi. Buni tushunmagan har qanday odam o‘z yanglishuvining dahshatli oqibatlariga duch keladi”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, Kuril orollari – Tinch okeani va Oxota dengizi oralig‘ida, Kamchatka yarim orolidan Yaponiyaning Xokkaydo oroligacha cho‘zilgan vulqonli orollar zanjiridir. Bu hudud strategik joylashuvi, boy tabiiy resurslari va Rossiya hamda Yaponiya o‘rtasidagi uzoq yillik hududiy nizolar bilan mashhur.
Ikkinchi jahon urushi yakunida (1945 yil) Sovet Ittifoqi butun Kuril arxipelagini o‘z nazoratiga olgan. Biroq Yaponiya arxipelagning janubiy qismidagi to‘rtta orolni (Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai) o‘z hududi deb hisoblaydi va ularni “Shimoliy hududlar” deb ataydi. Tokio ushbu janubiy orollar 1855 yilgi Simoda shartnomasiga ko‘ra Yaponiyaga tegishli bo‘lganini va ular noqonuniy bosib olinganini da’vo qiladi. Moskva esa ushbu orollar ustidan suverenitet Ikkinchi jahon urushi natijalariga ko‘ra qonuniy ravishda SSSRga o‘tganini va bu bahssiz ekanini ta’kidlaydi. Mana shu hududiy bahs sababli Rossiya va Yaponiya o‘rtasida Ikkinchi jahon urushini rasman yakunlovchi Tinchlik shartnomasi hanuzgacha imzolanmagan. Hozirda orollar to‘liq Rossiya Federatsiyasining Saxalin viloyati tarkibiga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putinning Kurilning Iturup oroliga tashrifi haqidagi yangilik bir necha daqiqa ichida X ijtimoiy tarmog‘ining Yaponiya segmentida katta shov-shuvga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, dastlabki yarim soat ichida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu mavzu bo‘yicha 2 mingdan ortiq xabar va izohlar qoldirib, uni muhokama markaziga olib chiqqan.
Live
Barchasi