Orbanning Moskvaga borishi Kiyev bilan kelishilmagan – Ukraina TIV
Olam
−
05 iyul
5525Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Moskvaga borib, Prezident Vladimir Putin bilan uchrashishi ortidan Ukraina Tashqi ishlar idorasi Ukraina rasmiylarining ishtirokisiz ushbu mamlakat bilan bog‘liq muzokaralarning o‘tkazilishi hech qanday ma’no va ta’sirga ega emasligini bildirdi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Vazirlik adolatli dunyoni tiklashning yagona real yo‘li Prezident Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan tinchlik formulasi bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, rasmiy Kiyev Orbanning Ukrainaga tashrifidan uch kun o‘tib Moskvaga qilgan safari Ukraina tomoni bilan hech qanday kelishuvsiz amalga oshirilganini da’vo qilgan.
TIV bayonotida ta’kidlanishicha, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va BMT Nizomiga hurmatga asoslangan tinchlik qarashlari Shveysariyada bo‘lib o‘tgan global tinchlik sammitida ishtirok etgan yuzdan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan hamfikrlik asnosida shakllangan. O‘sha hamfikr mamlakatlar ichida Vengriya ham bor.
“Ukraina Vengriya Bosh vazirining Kiyevga tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik va Yevropa integratsiyasini kengaytirish bo‘yicha keyingi ishlarga konstruktiv moyilligicha qoladi”, deya xulosa qilgan Ukraina TIV.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 iyul kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Kiyevga borgandi. Shuningdek, bugun, 5 iyul kuni esa Orban Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish maqsadida Moskva shahriga bordi.