Orban Bishkekda Trampning g‘alabasi sharafiga aroq ichganini aytdi
Olam
−
08 noyabr
5394Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban AQSH prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp g‘alaba qozonganidan keyin buni nishonlash uchun aroq ichgan. Bu haqda u kecha, 7 noyabr kuni u Budapeshtdagi Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u Tramp g‘alaba qozonganida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lgani uchun va’da qilganidek shampan emas, aroq ichgan.
“Men faqat qisman va’damni bajardim. Biz shampan ham ochdik, lekin Donald Tramp g‘alaba qozonganida men Qirg‘izistonda edim, u yerdagi odatlar boshqacha, shuning uchun biz u yerda aroq ichdik. Juda xursandman. Biz birgalikda bu ajoyib natijadan mamnunmiz”, degan Orban.
Orban oktyabr oyi boshida Trampning saylovdagi g‘alabasini shampan vinosi bilan nishonlashga va’da bergandi.
“Agar Tramp (Oq uyga) qaytib kelsa, bir necha shisha shampan ochamiz”, degandi u o‘shanda.
Viktor Orban 5-6 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bishkekda bo‘lgan edi. U Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, 6 noyabr kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab, bu butun dunyo uchun zarurligini ta’kidlagandi. Keyinroq Orban Facebook’da e’lon qilingan qisqa video sharhida bu "dunyo tinchligiga umid" ekanligini aytdi.
Vengriya Bosh vaziri Tramp bilan qo‘shma rejalari borligini, u 2025 yilda, u lavozimga kirishganida amalga oshirilishini ta’kidladi. U ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga va iqtisodiyotning “oltin asrga” qaytishiga umid bildirdi. Uning fikricha, respublikachi nomzodning g‘alabasi yorqin va "katta kurash natijasi" bo‘ldi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr