Orasidan ola mushuk o‘tgan Putin va Aliyev Tojikistonda uchrashadi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bugun, 9 oktyabr kuni Dushanbeda ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda “Interfax” xabar berdi.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv kun tartibidagi eng asosiy masala – ikki tomonlama munosabatlar.

“Uchrashuvning o‘zi ikki davlat rahbarlari barcha dolzarb masalalarni muhokama qilishga tayyorligini bildiradi”, degan Peskov. 

U, shuningdek, Ozarbayjon tomoni nomidan gapira olmasligini ta’kidlagan, biroq Rossiya tomoni uchrashuvga ijobiy kayfiyatda kirayotganini qo‘shimcha qilgan.

Bu Putin va Aliyevning uzoq tanaffusdan keyingi ilk to‘laqonli uchrashuvi bo‘ladi. Sentyabr oyida Xitoyda o‘tgan SHHT sammitida ular qisqa ko‘rishgan, ammo to‘liq muloqot bo‘lmagan. Oxirgi bunday uchrashuv 2024 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan.

Putin va Aliyevning mart oyidan keyingi ilk telefon suhbati Rossiya Prezidentining tug‘ilgan kuni – 7 oktyabrda bo‘lib o‘tdi. Kreml bu suhbatni ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi aloqalar nuqtai nazaridan muhim deb baholagan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar joriy yil iyun oxirida Yekaterinburgda bir guruh ozarbayjonliklarning hibsga olinishi ortidan keskinlashdi. Ular 2001, 2010 va 2011 yillarda sodir etilgan ikki qotillik va bir suiqasdga urinish bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olingan. 

Shuningdek, ikki gumonlanuvchi tergov jarayonida vafot etgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ulardan biri yurak yetishmovchiligidan vafot etganini bildirgan. Ozarbayjon esa jasadlarda zo‘ravonlik izlari borligini bildirgan va qasddan odam o‘ldirish, qiynoq qo‘llash va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Baku shahrida “Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi xodimlari ham hibsga olindi. Ularning bir qismi keyinroq qo‘yib yuborildi, biroq ijrochi direktor Igor Kartavix va bosh muharrir Yevgeniy Belousov firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va pul yuvishda ayblanib, qamoqqa olingan. Agentlik faoliyati to‘xtatilgan. Shuningdek, yana bir guruh Rossiya fuqarolari giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan. Dastlab ularga Rossiya vakillari bilan uchrashuvga ruxsat berilmagan, keyinchalik Baku bunga ijozat bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ozarbayjon Ilhom Aliev Dushanbe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing