OpenAI o‘smirlar uchun alohida ChatGPT versiyasini ishga tushirdi
Olam
−
11:43 407 2 daqiqa
Kecha, 18 avgustdan boshlab Open AI 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun maxsus ChatGPT versiyasini ishga tushirdi. Yangi xizmatda o‘z joniga qasd qilish, o‘ziga zarar yetkazish, romantik va jinsiy mazmundagi suhbatlarga nisbatan kuchaytirilgan cheklovlar joriy etildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “ChatGPT for Teens” o‘smirlarning sun’iy intellektdan xavfsiz va yoshiga mos foydalanishini ta’minlashga qaratilgan.
Yangi versiyada ota-ona va vasiylar uchun bir qator nazorat imkoniyatlari ham mavjud. Jumladan, ota-onalar farzandi ChatGPT’dan foydalanmaydigan vaqtni belgilab qo‘yishi mumkin.
Shuningdek, o‘ta xavfli vaziyatlarda, masalan, o‘smir o‘ziga zarar yetkazishi mumkinligi aniqlansa, ota-onaga xavfsizlik to‘g‘risida bildirishnoma yuboriladi. Ovqatlanish buzilishlari bilan bog‘liq holatlarda ham qo‘shimcha ogohlantirishlar joriy etilgan.
Biroq ota-ona nazoratidan foydalanish majburiy emas. OpenAI yangi tizimni ushbu funksiyalar yoqilmagan taqdirda ham o‘smirlar uchun xavfsiz bo‘lishini ko‘zlagan.
OpenAI o‘smirlarning sun’iy intellektga haddan tashqari bog‘lanib qolishining oldini olishga ham e’tibor qaratgan.
Yangi versiyada chatbot foydalanuvchiga nisbatan shaxsiy his-tuyg‘ulari borligini aytishi, o‘zini ongli mavjudot sifatida ko‘rsatishi yoki o‘smir bilan romantik munosabatga o‘xshash aloqa o‘rnatishi cheklanadi.
OpenAI vakillarining ta’kidlashicha, kompaniya o‘smirlarning chatbot bilan nosog‘lom munosabat shakllantirishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarni alohida o‘rganib chiqqan.
Yangi ChatGPT o‘quvchilarga uy vazifalarini bajarishda ham yordam beradi. Ammo tizimning asosiy maqsadi tayyor javobni berish emas, balki o‘quvchini masalani mustaqil yechishga yo‘naltirishdan iborat.
Shu orqali OpenAI o‘quvchilarning sun’iy intellektdan ko‘chirish yoki tayyor insho yozdirish vositasi sifatida emas, balki ta’limiy yordamchi sifatida foydalanishini ko‘zlamoqda.
OpenAI o‘smirlarning yoshini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasdiqlash tizimidan foydalanmaydi. Buning o‘rniga foydalanuvchining so‘rovlari kabi omillar asosida uning 18 yoshdan kichik bo‘lish ehtimolini baholaydi. Voyaga yetmagan deb aniqlangan yoki o‘zini shunday tanishtirgan foydalanuvchi avtomatik ravishda o‘smirlar uchun mo‘ljallangan versiyaga o‘tkaziladi.
Kompaniya bu yondashuv orqali sun’iy intellektdan foydalanayotgan yangi avlodni xavfli kontentdan himoya qilish va texnologiya bilan sog‘lom munosabatni shakllantirishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI ChatGPT’ning barcha foydalanuvchilari uchun matnli chatlar bo‘yicha cheklovlarni olib tashlayotgani, bepul va Go tariflarida esa GPT-5.6 Luna asosiy model sifatida ishlatilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi