OpenAI reklamadan 100 mlrd dollar ishlamoqchi

Olam

image

OpenAI 2030 yilga kelib reklama orqali 100 mlrd dollar daromad olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Axios” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, kompaniyaning pilot reklama loyihasi juda tez o‘sishni ko‘rsatgan. Dastlabki ikki oyda u yillik hisobda taxminan 100 mln dollarlik tushum keltirgan.

Ichki hisob-kitoblarga ko‘ra, reklama daromadlari 2026 yilda 2,5 mlrd dollardan 2027 yilda 11 mlrd dollarga, 2028 yilda 25 mlrd dollarga, 2029 yilda 53 mlrd dollarga yetib, 2030 yilga kelib 100 mlrd dollarga chiqishi mumkin.

Kompaniya hisoblashicha, shu vaqtga kelib uning xizmatlaridan haftasiga taxminan 2,75 mlrd foydalanuvchi foydalanadi va bu Google, Meta, Amazon hamda TikTok kabi yirik raqamli bozor ishtirokchilari bilan raqobat qilish imkonini beradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, chat-botlarda reklama an’anaviy raqamli xizmatlarga nisbatan samaraliroq bo‘lishi mumkin, chunki foydalanuvchilar o‘z ehtiyojlarini aniq ifodalaydi va bu maqsadli reklama aniqligini oshiradi.

Biroq sun’iy intellekt xizmatlariga reklama joriy etilishi munozaralarga ham sabab bo‘lmoqda. Tanqidchilar bu holat javoblar neytralligiga ta’sir qilishi va reklama beruvchilar manfaatlari tomon og‘ishga olib kelishi mumkinligini aytmoqda.

OpenAI esa reklama orqali sun’iy intellekt xizmatlarini keng omma uchun yanada ochiq va qulay qilish mumkinligini ta’kidlab, reklama kontenti asosiy javoblardan alohida ko‘rsatiladi, deb va’da bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask OpenAI bosh ijrochi direktori Sem Altman va kompaniya prezidenti Greg Brokmanni ishdan bo‘shatishga harakat qilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

OpenAI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing