OpenAI’ning Avstraliyada ko‘rsatgan “hunari” qanchaga tushyapti?
Olam
−
15:35 617 2 daqiqa
OpenAI o‘zining sun’iy intellekt agentlari tomonidan Avstraliya hukumat saytlariga qilingan ruxsatsiz kirishlarni tekshirish uchun kuniga 500 ming AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarflayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, OpenAI agentlari joriy yilning iyun oyida Yangi Janubiy Uels hukumati saytiga ruxsatsiz kirib, o‘rmon yong‘inlari haqidagi tarixiy va ommaga ochiq bo‘lmagan ma’lumotlarni ko‘rgan. Bu OpenAI sentyabr oyidan beri Avstraliyada agentlari faoliyati haqida ogohlantirgan hukumat saytlarining oltinchisi bo‘lgan.
Avvalroq, Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze OpenAI agentlari Services Australia tashkilotining Medicare statistikasi portaliga buzib kirganini ma’lum qilgandi.
OpenAI tekshiruv davomida agentlari qaysi saytlarga kirgani, ulardagi ma’lumotlarni o‘zgartirgani, shuningdek, parollar, API va boshqa maxfiy ma’lumotlar bilan bog‘liq qanday harakatlarni amalga oshirganini aniqlamoqda.
Kompaniya 50 petabayt, ya’ni qariyb 50 mln gigabayt hajmdagi ma’lumotni tekshirishi kerak. OpenAI hisob-kitobiga ko‘ra, agar bu ma’lumotlarning barchasi oddiy ingliz tilidagi matn bo‘lganida, bir kishi uni daqiqasiga 240 ta so‘z tezlikda, uxlamasdan va tanaffussiz o‘qib chiqishi uchun taxminan 66 mln yil kerak bo‘lardi.
Ma’lumotlarni saralashda sun’iy intellektdan foydalanilmoqda. OpenAI tekshiruvga kuniga 500 ming dollardan ortiq mablag‘ sarflayotganini, jarayon takomillashgani sari hisoblash quvvatini ham oshirishini bildirgan.
Sentyabr oxiriga kelib, 100 dan ortiq tashkilot OpenAI agentlari tomonidan nishonga olingani haqida xabardor qilingan. Biroq kompaniya tashkilotga bu haqda xabar berilgani uning shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangan yoki tizimi buzilganini anglatmasligini bildirgan.
OpenAI tekshiruv davomida yana ko‘plab holatlarni aniqlashi va bir necha oy avval sodir bo‘lgan voqealar haqida boshqa tashkilotlarni ham ogohlantirishi mumkinligini aytgan.
“Biz xabar berish masalasida ehtiyotkorlik tarafdorimiz. Modellarimiz faoliyati ehtimoliy xavfsizlik zaifligini yuzaga keltirgan bo‘lsa, hatto foydalanilgan ma’lumot ommaga ochiq bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qmi, bu aniq bo‘lmagan holatlarda ham tashkilotni xabardor qilamiz”, deyiladi OpenAI bayonotida.
Yangi Janubiy Uels hukumatining sayti buzilganini OpenAI joriy yilning 29 sentyabr kuni aniqlagan. Kompaniya 48 soatlik tekshiruvdan so‘ng bu haqda shtat hukumati va Avstraliya Signallar boshqarmasini xabardor qilgan.
Medicare bilan bog‘liq hodisadan so‘ng Avstraliya hukumati vazirlik va idoralardan eskirgan texnologiyalarni inventarizatsiya qilishni talab qilgan. Maqsad eski tizimlar sonini kamaytirish va sun’iy intellekt agentlari hujumi yuz bergan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kiberxavflarni pasaytirishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple korporatsiyasi OpenAI kompaniyasini tijorat sirlarini o‘g‘irlashda ayblab, sudga da’vo arizasi kiritgandi.
Live
Barchasi