“Open budjet” xakerlik hujumiga uchradi
Jamiyat
−
29 avgust 2023
20293Ijtimoiy loyihalarga ovoz yig‘ish, g‘olib bo‘lgan proyektlar uchun mablag‘ ajratishga mo‘ljallangan va shu kunga qadar ko‘plab mashmashalarga sabab bo‘lgan “Tashabbusli byudjet” loyihasining rasmiy portali xakerlik hujumiga uchradi. Bu haqda Iqtisodiyot va Moliya vazirligi xabar berdi.
Ma’lumki, 27 avgustda “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023 yilgi 2 mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlandi. Ammo bu safar ovoz berish jarayonlarining dastlabki kunlari foydalanuvchilar tomonidan tizimda ayrim texnik muammolar kuzatilayotgani haqida e’tirozlar kelib tusha boshlagan.
Vazirlik ushbu uzilish va texnik nosozliklarga uyushtirilgan xakerlik hujumlari sabab bo‘lganini bildirgan.
“Ushbu holat ovozlar sonini sun’iy ravishda ko‘paytirish maqsadida ishlab chiqilgan norasmiy botlar orqali ovoz yig‘ish, shuningdek, turli xil spam va xakerlik hujumlari oqibatida yuzaga keldi. Bu kabi urinishlarning oldini olish uchun qo‘yilgan cheklovlar natijasida axborot portalida bir qator uzilishlar ro‘y berdi”, deb aytiladi xabarda.
Bildirilishicha, barcha zaruriy texnik choralar ko‘rilgan va hozirda axborot portali mo‘’tadil ishlamoqda.
Ma’lumot uchun, “Open budjet” loyihasining birinchi mavsumida 33 ming 680 ta tashabbus uchun 16 milliondan ortiq ovoz berilgan bo‘lib, yakunda esa 1666 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Ajratilgan byudjet 1 trillion 571 milliard 963 million so‘mni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu mavsumning 1-bosqichi 17 iyul kuni boshlangan edi. Loyihalar dastlabki qabul qilish va saralab olish bosqichlaridan o‘tib, yakuniy ovoz berish bosqichiga yetib kelgan.
LiveBarchasi