Qiziltepada tashkilotlar rahbarlarini “Open Budget” uchun ovoz yig‘ishga majburlagan hokim o‘rinbosari jazolandi 

3-sahifa

image

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani hokimining yoshlar va ijtimoiy rivojlantirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O‘lmas Istamov “Open Budget” dasturi doirasida tumandagi tashkilotlar rahbarlarini ovoz yig‘ishga targ‘ib qilgani va majburan jalb qilgani aniqlandi. Bu haqda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha komissiya xabar berdi.

Bosh prokuratura hamda Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda hokim o‘rinbosarining harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan. O‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda mansabdor shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51 moddasi 1 qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.

Komissiya barcha mas’ullarni, shuningdek, ish beruvchilarni, hudud rahbarlarini xodimlarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga chaqirgan.

Shu o‘rinda komissiya Konstitutsiyaga muvofiq har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga ega ekani, shuningdek, mamlakat majburiy mehnat taqiqlangani hamda milliy qonunchilikda bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatgan.

Ma’lumot uchun, ijtimoiy tarmoqlarda hokim o‘rinbosari ishtirokida onlayn tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish tafsilotlarining audiosi tarqalgan. Ushbu yig‘ilish audiosi va undagi ishlatilgan qo‘pollik yuzasidan tuman hokimligida hokim o‘rinbosariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi va tegishli chora ko‘rilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qiziltepa Open Budget O'lmas Istamov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing