“Open budget”da yana 177 ta loyiha g‘olib bo‘ldi
Jamiyat
−
14 Sentabr
4197“Tashabbusli byudjet” jarayonining 2024 yildagi 2-mavsumida yuqori ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lmagan 177 ta loyiha uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Jumladan:
-
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan g‘olib bo‘lmagan navbatdagi loyihalarni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 56 ta loyiha;
-
loyiha qiymatining 20 foizigacha mablag‘ yetmagan navbatdagi 25 ta loyiha;
-
mahalladagi mavjud aholi sonidan ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lmagan 96 ta loyiha qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topildi.
G‘olib loyihalar ro‘yxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 143,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Ma’lumot uchun, 22 avgust kuni boshlangan ovoz berish bosqichi 31 avgust soat 23:59 ga qadar – 10 kun davom etdi. Bu vaqt davomida ovoz yig‘ishga majburlash holatlari yuzasidan 39 ta shikoyat tushdi. Unga ko‘ra, hududlar kesimida eng ko‘p shikoyat Farg‘ona viloyatida (7 ta) tushgan. Shuningdek, Toshkent shahrida 6 ta, Namangan va Jizzax viloyatlarida 5 tadan shikoyat tushgan. Shikoyatlarning ko‘pchiligi umumta’lim maktablari (19 ta) va tibbiyot tashkilotlarida (16 ta) kuzatilgan. Kelib tushgan barcha murojaatlar ko‘rib chiqish uchun tegishli tuman (shahar) Xalq deputatlari kengashlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2024 yildagi 2-mavsumida g‘olib bo‘lgan 1772 ta loyiha e’lon qilingandi.
LiveBarchasi